sentabr oyi boshida AQSh Moliya vazirligi O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa bir qator davlatlarni Rossiya va Belarusga importi sanksiyalar bilan cheklangan tovarlarni yetkazib berish mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi.

AQShning Toshkentdagi elchisi Deniyel Rozenblyum Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida ro‘yxatga asosan Rossiya bilan faol ishbilarmonlik aloqalarini olib borayotgan davlatlar kiritilganini aytdi.

«Demak, bu potensial xavf sifatida ko‘riladi, bu sodir bo‘layotganiga ayblov yoki dalil emas edi va bo‘lmasligi kerak, bu shunchaki xatar», deb tushuntirdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati buni juda aniq tasdiqlagan va uning fikricha, sanksiyalarga rioya qilishni xohlashlarini va o‘zbek kompaniyalari ikkilamchi sanksiyalarga duchor bo‘lishini istamasligini ochiq bildirgan.

«Shuningdek, ular O‘zbekistonning sanksiyalarni aylanib o‘tish nuqtasi sifatida qo‘llaniladigan og‘ish davlatiga aylanishini xohlashmayapti. Va ular sanksiyalar rejimi bo‘yicha ekspertlarimiz bilan, Moliya vazirligimiz va Savdo vazirligimiz bilan juda sinchkovlik bilan maslahatlashdilar… Ular bu borada xususiy yuridik firmalar, ekspertlar bilan ham maslahatlashganga o‘xshaydi. Shuning uchun hukumat sanksiyalardan qochishga yordam bermaslik g‘oyasiga sodiq, deb o‘ylayman», — dedi diplomat.

Avvalroq, AQSh Davlat departamenti Rossiya korxonalariga qarshi sanksiyalar rejimini buzgani uchun O‘zbekistonning Promcomplektlogistic kompaniyasiga nisbatan cheklovlarni joriy qilgani haqida yozgandik. U boshqa kompaniyalar qatorida «Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash» da gumon qilinib, «qora ro‘yxat»ga kiritilgan.

«Promcomplektlogistic xususiy kompaniyasiga ushbu maqom berilishi butun dunyo bo‘ylab manfaatdor tijorat tomonlarga ogohlantirish bo‘lib xizmat qilishi kerak: agar siz sanksiyalar ostidagi yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan biznes yuritadigan bo‘lsangiz, sanksiyaga tushib qolishingiz mumkin», — deyiladi AQSh Davlat departamenti bayonotida.

Aprel oyida esa O‘zbekistonda banklar qat’iy sanksiyaga tushgan banklardan olingan kreditlarni ikkilamchi sanksiyalar xavfini yaratmasdan qaytarish bo‘yicha xalqaro yuridik konsalting kompaniyalarini jalb qilayotgani aytilgandi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi ham mamlakatdan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanmaslik kerakligini ta’kidladi.