Prezident qarori bilan Nozimjon Qosimovich Xolmurodov O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi, deb xabar qildi ITSV matbuot xizmati.

Mazkur lavozimga tayinlangunga qadar, 2021 yil yanvar oyidan beri u Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiy masalalar va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Nozimjon Xolmurodov 1977 yilda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. 1998 yilda Turkiyaning Gazi universitetini, 2005 yilda esa O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

1998−2001 yillarda O‘zbekiston Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasining korxonalar monitoringi va moliya-xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

2001−2005 yillarda Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasining Korxonalar monitoringi va moliya-xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish bo‘limiga rahbarlik qilgan.

2005−2006-yillarda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasining Monopol va iqtisodiy nochor korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy holatini tahlil qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2006−2010 yillarda Davlat raqobat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

2010−2013-yillarda Toshkent shahar Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

2013−2015-yillarda Davlat raqobat qo‘mitasining iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy-iqtisodiy tahlil qilish va tarkibiy o‘zgartirish bo‘limiga rahbarlik qilgan.

2015−2017 yillarda Mehnat vazirligi Mehnatni muhofaza qilish va mehnat sharoitlari ekspertizasi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

2017−2018 yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Hududlarning turizm salohiyatini rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.

2018−2019 yillarda prezident Administratsiyasining Investitsiya jarayonlari va dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limiga rahbarlik qilgan, 2019−2021 yillarda esa Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Nozimjon Xolmurodov yangi lavozimida davlat investitsiya dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish, geologiya, konchilik, metallurgiya, mashinasozlik va qurilish materiallari ishlab chiqarish, yengil va elektrotexnika sohalarini rivojlantirish sohasidagi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, tarmoqlar, agrosanoat kompleksi va qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy sektor va farmatsevtika sanoati va boshqa sohalarni rivojlantirish, bank-moliya sektorining sarmoyaviy va iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, hududlarni rivojlantirish va eksportni yaxshilashga mas’ul etib belgilandi. Shuningdek, prezident va hukumat qarorlari, qonun hujjatlari bilan yuklangan boshqa funksiya va vazifalarni ham bajaradi.

ITSV rahbarining avvalgi birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov qishloq xo‘jaligi vaziri etib tayinlangan edi