22 avgust kuni O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Koreya qishloq birlashmasi korporatsiyasi (KRC), Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va baliqchilik sohalarida ta’limni rivojlantirish va axborot xizmati bo‘yicha Koreya agentligi (EPIS) o‘rtasida yangi loyihani boshlash bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Umumiy qiymati 3,7 mln dollar bo‘lgan «Yil bo‘yi qulupnay yetishtirish bo‘yicha zamonaviy Koreya texnologiyalarini joriy etish» loyihasi 2026 yil dekabr oyiga qadar Koreya Respublikasi Hukumatining rivojlanish bo‘yicha rasmiy ko‘magi (ODA) tomonidan taqdim etiladigan grant mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Kelishuvga asosan, Yuqorichirchiq tumanida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agroxizmatlar markazi (AKIS) hududida quyosh batareyalarida ishlaydigan qulupnay yetishtiruvchi zamonaviy issiqxona quriladi.

Bundan tashqari, koreyalik mutaxassislar tomonidan ko‘chatlar uchun issiqxona hamda yuqori sifatli qulupnay ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha in vitro laboratoriyasi qurilib, jihozlanadi.


Loyiha davomida qulupnay yetishtirish bo‘yicha mutaxassislarning har yili o‘zaro tashriflari tashkil etilib, tajriba almashish va malaka oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, loyiha doirasida o‘zbek qulupnay mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda brendingi va marketingiga ko‘maklashish nazarda tutilgan.