21 avgust kuni Afg‘oniston fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish bilan bog‘liq Payg‘ambar oroli (Surxondaryo viloyati) hududida yuz bergan hodisa muhokama qilindi, deya xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida har ikki tomondan ham mazkur hududda taranglikni yuzaga keltirgan ayrim qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.

Hozirgi paytda hodisa yuzasidan puxta tekshiruvlar o‘tkazmoqda.

«O‘zbekiston Respublikasi ikki nafar halok bo‘lganlarning oilalariga ta’ziya bildiradi, olti nafar yaralanganlarga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, ushlangan shaxslarni o‘z vataniga qaytarishga tayyorlash jarayonlari yakunlanmoqda», — deyiladi bayonotda.

Har ikki tomon tinchlik tarafdori ekanligini, barcha masalalar o‘zaro manfaatlarni hisobga olish va bir-biriga hurmat asosida hal etilishini tasdiqladilar.