Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi «Mehr-saxovat uyi» uy-joysiz shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi kapital ta’mirdan so‘ng ish faoliyatini tikladi. Qurilish ishlari martdan iyungacha olib borildi.

Boshpanada yozgi oshxona paydo bo‘ldi, turar-joylar, dush va hojatxonalar, oshxona, dam olish maskani va kutubxona ta’mirlandi, deya ma’lum qildi juma kungi press-turda Toshkent IIB matbuot xizmati boshlig‘i Nilufar Isoxonova.

«Xonalarga yangi karavotlar va choyshablar olib kelindi, havo almashtirish tizimi yaxshilandi, isitish tizimi o‘rnatildi, ikkita konditsioner va televizor o‘rnatildi, yangi oshxona qurildi», — deya sanab o‘tdi Nilufar Isoxonova.

Bundan tashqari, bu yerda istiqomat qiluvchining har birida individual idish-tovoqlar paydo bo‘ldi.

«Mehr-saxovat» uyi Toshkentdagi uysizlar uchun birinchi va hozircha yagona markazdir. Boshpana poytaxt IIBB rahbariyati tashabbusi bilan 2018 yilning iyun oyida ochilgan edi. Bunday markazlar barcha viloyatlarda mavjud. Biroq doimiy yashash imkoniyati faqat poytaxt shelteri tomonidan taqdim etiladi.

Sohiba Usmonova markazning ilk muqimlaridan biri. Ayol boshpanaga to‘rt yil avval kelgan.

«Markaz muqimlari uchun kuniga uch mahal ovqat tayyorlayman. Bo‘sh vaqtimda kitob o‘qishni, televizor ko‘rishni va boshqalar bilan suhbatlashishni yaxshi ko‘raman. O‘zimni foydali va kerakli his qilish menga yoqadi», — deydi ayol tabassum bilan.

Kelajakda oila qurib, o‘z uyiga ega bo‘lishni istaydi va bu yerdagi barchaning orzusi shu bo‘lsa kerak, deydi.

«Markazimizda turli odamlar yashaydi: mahalliy aholi ham, boshqa joydan kelganlar ham, — dedi «Gazeta.uz»ga markaz direktori Nargiza To‘lqinova. — Ularning barchasi qaysidir sabablar bilan boshpanasiz qolgan va bizga uy izlab kelgan. Ba’zan o‘zimiz ko‘chada kimnidir topib, bu yerga olib kelamiz».

Nargiza To‘lqinova.

55 yoshli Feruza Shoabdullayeva ham boshpanaga shunday tushib qolgan. U umrining ko‘p qismini ko‘chada o‘tkazdi. Otasi vafotidan keyin o‘n besh yoshli qizchani o‘gay onasi uydan haydab yuborgan, deydi ayol. «Mehr-saxovat» uyida taqdir uni Shoikrom Umarov bilan uchrashtirdi. Feruza unga turmushga chiqdi. Hozir u cherkovda farrosh bo‘lib ishlaydi, qolgan vaqtda esa yangi kelganlarning boshpanaga ko‘nikishiga yordam beradi.

Markazga kelgan har bir kishi yotoqxona, uch mahal ovqat, zarurat bo‘lganda kiyim-kechak va dori-darmonlar bilan ta’minlanadi. Markaz muqimlari joylardagi sog‘liqni saqlash bo‘limlarida muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Agar biron bir kasallik aniqlansa, ular shifoxonalarga yuboriladi.

«Markaz 200 o‘ringa mo‘ljallangan. Tashrif buyuruvchilar soni doim o‘zgarib turadi, — deydi boshpana direktori Nargiza To‘lqinova. — Pandemiya davrida muqimlar soni 1200 kishiga yetdi. Bugungi kunda atigi 101 kishi istiqomat qiladi. Sovuq tushish boshlanishi bilan ko‘pchilik qaytib keladi. Qishda muqimlar soni besh-yetti baravar ortadi».

«Ba’zida odamlar bizga yordamlashishadi: qo‘ng‘iroq qilib, o‘z hududida uysizlar borligi haqida xabar berishadi, — deydi markaz direktori. — Ularni olib kelamiz va ixtiyoriy ravishda bu yerga joylashtiramiz. Ba’zilar keyinroq ketishni xohlashadi, biz ularni qo‘yib yuboramiz. Ammo vaqt o‘tib, yana qaytib kelishadi».

Boshpana barcha qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolganlarni qabul qiladi. To‘rt yillik faoliyat davomida markazda istiqomat qilgan 9850 nafar fuqarodan 2500 nafardan ortig‘i shaxsi aniqlangandan so‘ng qarindoshlarining oldiga qaytishga muvaffaq bo‘ldi. Hukumatning reabilitatsiya markazlari to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, mamlakatdagi barcha boshpanalar o‘z muqimlariga ana shunday ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatmoqda.

«Kimdir [poytaxt markazi xodimlari tomonidan] oilalariga qaytarildi, kimdir «Muruvvat» uylariga joylashtirildi, ba’zilar esa boshqa davlatlarda bo‘lgan bolalarining oldiga jo‘natildi, — deya ma’lum qildi «Gazeta.uz»ga Toshkent IIBB matbuot xizmati. — Kimgadir hujjatlarni tiklashga yordam berildi, ko‘pchilik ish va uy topdi. Ko‘pchilikka xodimlarim pensiya olishlari uchun ariza topshirishda yordam berishdi, ular nafaqasini kartochkalariga olishmoqda. Hech qayerda yashash joyi yo‘qlar esa «Mehr-saxovat» uyida yashamoqda».

Toshkent IIBB jamoat tartibini saqlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Zavqiy Do‘smurodovning aytishicha, markazlar xodimlari boshpanaga kelgan fuqarolarning barcha zarur hujjatlari mavjudligini tekshiradi. 2018 yilning iyun oyidan buyon poytaxt markazida yashovchi 3500 nafar fuqaroga yo‘qolgan yoki mavjud bo‘lmagan hujjatlari tayyorlab berildi.

Zavqiy Do‘smurodov.

Ulardan biri — 25 yoshli yigitni boshpana xodimlari vokzalda xotirasini yo‘qotgan holatda topishdi. Yigit kimligini eslay olmadi, lekin markazda olgan Bunyod nomi unga mos keladi. U bo‘sh vaqtlarida musiqa tinglashni va hayvonlarni parvarish qilishni yaxshi ko‘radi. Ta’mirdan so‘ng markazda ancha ko‘payib qolgan shu kabi ro‘zg‘or yumushlarini Bunyod va boshpananing boshqa muqimlari o‘z zimmasiga olishmoqda.

Ta’mirlashdan oldin boshpanada mushuk va it bor edi. Hozir esa ularga quyon, kabutarlar, tovuq va xo‘rozlar qo‘shilgan. Hududning obodonlashtirilishi va jonivorlar muqimlar hayotini yanada yorqinroq qilishiga markaz xodimlarining ishonchi komil.

Markaz hududini obodonlashtirish 71 yoshli Ilya Romanovichning sevimli mashg‘ulotlaridan. Maysalarni sug‘oradi, gullar ekadi, daraxtlarga g‘amxo‘rlik qiladi. U mevali daraxtlar ekib, muqimlarni meva hosili bilan siylashni rejalashtirmoqda.

Ilya Romanovichning aytishicha, u sog‘lig‘i tufayli uzoq vaqt kasalxonada yashagan. Ahvoli yaxshilangach, yo‘qolgan hujjatlarni tiklashga va uy-joy topishga harakat qilgan.

«Hamma joyga yordam so‘rab murojaat qildim, hatto portalga ham yozdim. Goh u, goh bu yerda yashadim. Bu yerga kelgunimcha shunday sarson-sargardon bo‘lishimga to‘g‘ri keldi. Bu yerda ular menga yordam berishdi: ular menga joy berishdi va barcha hujjatlar rasmiylashtirildi. Hozir oylik nafaqa olaman», — deydi Ilya Romanovich.

Toshkent IIBB axborot xizmati boshlig‘i Nilufar Isoxonovaning aytishicha, 2023 yilgacha markazda yana bir turar-joy binosini qurish, shuningdek, sport maydonchalarini ochish, kitob klubi tashkil etish rejalashtirilgan.

«Bu yerda odamlar o‘zini odamdek his qilishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qilmoqdamiz», — deydi Nilufar Isoxonova.

«Hozir hatto muqimlar o‘rtasidagi munosabatlar ham yaxshilandi, — dedi markazda yashovchilardan biri Vyacheslav Avakov. — Hech kim urishmaydi, hamma bir-biri bilan bahamjihat yashaydi. Albatta, kimdir biror narsadan norozi bo‘ladigan paytlar bo‘ladi, lekin barcha nizolar tinch yo‘l bilan hal qilinadi. Eng muhimi, bu yerdagi atmosfera iliqlashdi. Bu yerda to‘shakka mixlangan, ko‘zi ojiz parvarishga muhtoj insonlar bor. Ularga qo‘limizdan kelgancha yordam beramiz. Hojatxonaga olib boramiz, kiyintiramiz yoki ovqat olib kelamiz. Shuningdek, tozalikni nazorat qilib boramiz va xonada tartibni saqlashga intilamiz».

Vyacheslav 66 yoshda. Uning aytishicha, qish kunlarining birida shu yerga kelib qolmaguncha uzoq vaqt ko‘chada yashagan.

«Boradigan joyim, uyim yo‘q. Men o‘z joyimni shu yerda topdim. Asosiysi, bizni xafa qilishmaydi va bizda hammasi yaxshi. Goh-gohida bizga kerak bo‘lib qoladigani, bu — ozgina iliqlik va g‘amxo‘rlik», — deydi Vyacheslav.