2022 yilning olti oyi davomida ish joyida munosib mehnat sharoitlari yaratilmaganligi oqibatida 116 nafar kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, kelib chiqqan jami 398 ta baxtsiz hodisa maxsus tekshiruvdan o‘tkazilgan. Shundan 24 tasi guruhiy (bir nafar ortiq kishi ishtirokida), 86 tasi esa o‘lim bilan tugagan. 288 tasi oqibati og‘ir baxtsiz hodisadir. Natijada 116 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 311 nafari og‘ir va 6 kishi yengil tan jarohat olgan.

«Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunning 33-moddasiga asosan, ish beruvchi xodimning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni belgilangan tartibda to‘liq hajmda qoplashi kerak», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Tahlillarga ko‘ra, hududlar kesimida eng ko‘p baxtsiz hodisalar Toshkent shahri (86 ta), Toshkent (60 ta), Navoiy viloyatlari (47 ta) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (34 ta)da yuz bergan.

Avvalroq, 2022 yil boshidan beri 14 mingdan ortiq tashkilot va korxonalarda o‘rganishlar o‘tkazilib, 41 150 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangani haqida xabar berilgandi. Shunga ko‘ra, 5935 nafar mansabdor 12 mlrd 57 mln so‘mlik jarimaga tortilgan. Qonunbuzarliklar ko‘proq — Qashqadaryo, Samarqand, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida uchrayotgani ta’kidlangandi.