Rossiya o‘tgan yili afg‘on harbiylari O‘zbekiston va Tojikistonga qochishda foydalangan 100 ga yaqin samolyot va vertolyotlarning Ukraina hududiga o‘tib qolishini xohlamaydi. Bu haqda RF prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov «RIA Novosti» bilan suhbatda ma’lum qildi.

«Afg‘onistonlik qo‘mondon va harbiy xizmatchilar qochib ketgan paytda O‘zbekiston va Tojikiston hududida qoldirilgan harbiy vertolyot va samolyotlar Ukrainaga o‘tib qolmasligi biz uchun muhim: ularning 60 ga yaqini Tojikistonda, 40−50 tachasi O‘zbekiston hududida», — deya ta’kidladi Kabulov.

O‘tgan yilning avgust oyida «Gazeta.uz» Bosh prokuratura xabariga asosan Kobul ishg‘ol etilgan kunlari «Tolibon» tomonidan ichida jami 585 nafar qurollangan harbiy xizmatchilar bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot hamda 24 ta harbiy vertolyot (Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17) O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tganligi haqida yozgandi. Keyinchalik esa Bosh prokuratura ushbu xabarni «oxirigacha tekshirilmagan» deya atadi.

AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy hamkorlik doirasida afg‘on hukumatini ko‘p sonli samolyot va vertolyotlar bilan ta’minladi. 2021 yil avgust oyida O‘zbekiston va Tojikiston hududida o‘tib qolgan harbiy samolyotlarning aniq soni rasman e’lon qilinmadi.

sentabr va noyabr oylarida havo kemalarining uchuvchilari BAAga, keyin esa AQShga olib ketilgandi. Harbiy aviatexnikalarning keyingi holati bo‘yicha ma’lumotlar oshkor etilmagandi.

Yanvar oyining boshida Afg‘onistondagi muvaqqat hukumatning mudofaa vaziri v.b. Mavlaviy Muhammad Yoqub Mujohid O‘zbekiston va Tojikistondan aviatexnikani qaytarishni talab qildi. «Tojikiston yoki O‘zbekistonda turgan samolyotlarimiz qaytarilishi kerak. Biz ushbu samolyotlarning xorijda qolishiga yoki ushbu davlatlar tomonidan ishlatilishiga ruxsat bermaymiz», — degandi u.

O‘sha vaqtning o‘zida AQSh Pentagonining rasmiy vakili Jon Kirbi O‘zbekiston va Tojikistondagi Afg‘onistonning harbiy samolyotlarini joylashtirish masalasi hamon ko‘rib chiqilayotganligi, biroq u «samolyot va vertolyotlar „Tolibon“ foydalanishi uchun Afg‘onistonga qaytarilmasligiga» ishonch bildirgandi.

Aprel oyida O‘zbekiston prezidentining Afg‘onistan bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev «Amerika Ovozi»ga bergan intervyusida O‘zbekiston o‘tgan yil avgustida mamlakatga uchib kelgan harbiy samolyot va vertolyotlarni Afg‘onistonga qaytarishni rejalashtirmayapti, chunki ular AQSh mulki hisoblanadi va bu masala rasmiy Vashington tomonidan hal qilinishi kerak, deya ma’lum qilgandi.