Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, «Dori-Darmon» AJ ustav kapitalidagi 51 foiz aksiyalar paketini sotish uchun professional konsalting kompaniyasi tanlab olinishi yuzasidan tanlov e’lon qildi. Bu xaqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Barcha qiziqish bildirgan talabgorlardan taklif taqdim etish uchun so‘rovnomaga (RfP) asosan tijorat takliflarini joriy yil 27 avgust kuni soat 18:00 ga qadar taqdim etishlari mumkin.

Agar, birgalikda qo‘shma tijorat taklifi taqdim etilsa, jalb qilingan sherik-konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultant ko‘rsatilishi lozim.

Kompaniya haqida

Ma’lumot o‘rnida, «Dori-Darmon» AJ — O‘zbekistondagi jadal rivojlanayotgan farmatsevtika bozoridagi yetakchi ulgurji va chakana savdo kompaniyasi hisoblanadi.

Jamiyatning hududiy bo‘linmalari mavjud bo‘lib, ular tarkibiga 7 ta aksiyadorlik jamiyati va 14 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat, jumladan, 17 ta omborxona, 15 ta tahlil laboratoriyasi kiradi.

2021-yil yakuniga ko‘ra, kompaniya 402,1 mlrd. so‘m sof tushum va 32,6 milliard so‘m sof foyda olgan.