10 avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 30- yalpi majlisida prezident maslahatchisi bo‘lib ishlab kelayotgan Baxtiyor Islomov O‘zbekiston Oliy sudi raisi etib saylandi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Yalpi majlisda dastlab senatorlar O‘zbekiston prezidenti tomonidan kiritilgan O‘zbekiston Oliy sudi raisining vakolatini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi taqdimnoma muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov salomatligi tufayli o‘z xohishi bilan egallab turgan lavozimidan ozod etishni so‘rab murojaat qilgan. Senat majlisda uni Oliy sud raisi lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shundan so‘ng prezident tomonidan taqdim etilgan Oliy sud raisligiga nomzod muhokama qilinib, Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2017 yildan beri Oliy sudga raislik qilgan, 13 iyulda lavozimga qayta tayinlangan Kozimjon Komilov iste’foga chiqarildi. Uning o‘rnini prezident maslahatchisi Baxtiyor Islamov egallashi kutilayotgani haqida xabar bergan edik. Keyinroq prezident Kozimjon Komilov nomzodini Konstitutsiyaviy suddagi vakant sudya lavozimiga taklif qilgani ma’lum bo‘ldi.