Toshkentda O‘zbekistonda ilk bor maktablar oldida transport harakatini sokinlashtirish bo‘yicha shahar dasturi qabul qilinishi mumkin. Tajriba loyihasini ishlab chiqishda rossiyalik mutaxassislar — urbanist Arkadiy Gershman va transport muhandisi Aleksandr Devyatkin ishtirok etmoqda.

Arkadiy Gershman o‘zining Telegram-kanalida loyiha tafsilotlarini keltirib o‘tdi. «Barchasini ishga tushirishning uddasidan chiqilsa, ko‘plab hayotlarni saqlab qolish mumkin bo‘ladi», deb yozdi u.

Mutaxassis Toshkentga «asosiy maqsadi qurbonlar va jabrlanuvchilarni kamaytirish bo‘lgan, qolgan barchasi ushbu maqsadga xizmat qiladigan shahar loyihasi kerak"ligini yana bir bor ta’kidladi. Vision Zero`ga o‘xshash, hech bo‘lmaganda boshlang‘ich darajada.

Dastlabki bosqich sifatida «jismoniy usullar bilan haydovchilar tasodifan bolani bosib ketmasligi uchun» maktablardan zonalarni olish taklif qilindi. Fuqarolarga noqulaylik tug‘dirmaslik va yechimlar to‘liq joriy etilgunga qadar ularni sinovdan o‘tkazish maqsadida loyiha birinchi bosqichda «arzon va tezkor usulda: belgilar, ustunchalar, notekisliklar va boshqa vaqtinchalik yechimlar bilan amalga oshiriladi. Bularning barchasi bir necha soat ichida chang va shovqinsiz o‘rnatiladi. Mazkur usul taktik urbanizm deb nomlanadi.

«Maktablar oldida tajriba zonalari uchun manzillar qidirar ekanmiz, Moyqo‘rg‘on ko‘chasiga e’tibor qaratdik: bu yerda markazda bir guruh maktablar va bolalar bog‘chalari joylashgan, ular o‘rtasidan esa katta ko‘cha o‘tgan sovet davri namunaviy loyihasi o‘rin olgan. Bu yerda, hatto [Yandex.Maps] panoramalarida ham hamma narsa qanchalik yomon ekanini ko‘rish mumkin, oyoq izlardan esa, odamlarning ommaviy ravishda [ko‘chadan] yugurib o‘tishlarini ko‘rish mumkin. YTHlar xaritasini ochsangiz (hozircha u omma uchun yopiq), butun ko‘cha — yagona ulkan avariya zonasi», — deb yozdi Arkadiy Gershman.

Yandex.Maps panoramalari. Foto: Arkadiy Gershman.

Shu sababli, mutaxassislar ko‘chaning ortiqcha yo‘laklar kerak bo‘lmagan joylarini toraytirishni taklif qilishdi: «ko‘rishni ta’minlash uchun qayerdadir bufer zonasi paydo bo‘ladi, do‘konlar oldiga xavfsizlik orollari, asosiy diqqatga sazovor joylar o‘rtasiga o‘tish joylari va boshqalar yotqiziladi». «O‘tkazuvchanlik pasaymaydi, chunki chorrahalar oldida kengayish bor», deb tushuntirdi u.

«Maktablar bo‘ylab dizayn va belgilar bilan 20 km/soat tezlik chegarasi belgilab chiqiladi, biroq ko‘cha umuman olganda hamma uchun qulayroq va xavfsizroq bo‘lishi kerak. Biz maktab yaqinidagi hududdan biroz chetroqqa chiqdik, chunki ko‘cha shunchaki nimadir qilish kerakligi haqida faryod urardi, ammo buning plyus tomoni ham bor: bir joyda deyarli barcha mumkin bo‘lgan yechimlarni ishlab chiqish mumkin», — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.

Yo‘l harakatini tinchlantirish sxemalari: piyodalar o‘tish joylari oldidan qatnov qismini bir qatorgacha toraytirish uchun ustunchalar o‘rnatish va harakat trayektoriyasini qiyshaytirish, o‘tish joylari oldidagi notekisliklar, tezlikni 20 km/soatgacha cheklash belgilari. Foto: Arkadiy Gershman.

«Barcha bunday qarorlarga ko‘nikishi va zarurligiga ishonishi uchun bir nechta maydonchalarni tanlab oldik — 1 sentabrgacha ularni topshirishga ulgurishadi, deb umid qilaman. Keyinchalik tuzatishlar uchun ma’lumotlar va fikr-mulohazalar yig‘iladi. Yaxshi ketadigan bo‘lsa, transport oqimini sokinlashtirish hamda maktablar va [bolalar bog‘chalari]ga xavfsiz yondoshuvlarni tashkil etish butun shahar bo‘ylab yoyiladi: prezident tasdig‘ini olish, budjetdan mablag‘ ajratish, transport sxemalarini ishlab chiqish, joriy etish va xizmat ko‘rsatish. Keyin esa vaqtinchalik o‘rnatilganlarni doimiylariga almashtirish mumkin bo‘ladi, lekin barcha ehtimoliy xatolarni hisobga olgan holda va mahalliy aholini shokka tushirmagan holda», — dedi Arkadiy Gershman.

Shuningdek, u so‘nggi oylarda Toshkent shahar hokimligi jamoasi o‘tgan yillardagi yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash bilan shug‘ullanayotganini aytdi. Shaharda yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi vaziyat keskin. «Mahalliy trassa-ko‘chalarini hisobga olsak… hatto Yandeks.Panoramalarga kirsangiz ham, har bir ko‘cha xuddi uchish-qo‘nish yo‘laklari singari kimlarningdir yo‘llardan qanday o‘tib ketayotgani suratlarini ko‘rish mumkin — xuddi shu holatni kechqurun va uyqusiragan haydovchilar bilan birga tasavvur qilish uchun fantaziyalarga berilish shart emas», — deb yozadi urbanist.

Moyqo‘rg‘on ko‘chasi Toshkent YTH xaritasida. Foto: Arkadiy Gershman.

«Ammo xavf haqida tajribali ravishda taxmin qilish boshqa, har bir nuqtasida vayron bo‘lgan taqdirlar bitilgan xaritadagi aniq ma’lumotlar — boshqa», — dedi u. Tahlilchilarning mavjudligi kelajakda butun shahar darajasida to‘g‘ri qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Saratov misolida taktik urbanizm usuli bilan harakat xavfsizligini oshirish. Foto: Arkadiy Gershman.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida ilk bor yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev maktab va bog‘chalar oldida transport tezligi 30 km/soatdan oshmasligini aytgan edi. Shuningdek, u Toshkent markazida transport tezligi 50−60 km/soat dan oshmasligi, umuman, respublikaning aholi gavjum hududlaridagi gavjum ko‘chalarda tezlikni 70 km/soatdan 60 km/soatgacha kamaytirish kerakligini ta’kidladi.

Prezident farmoyishiga ko‘ra, aprel oyida yangi yo‘l harakati qoidalari qabul qilindi, biroq unda aholi punktlarida standart maksimal tezlik bir xil — 70 km/soat qilib belgilandi. Katta shaharlarning ayrim joylarida uni soatiga 60 km gacha kamaytirishga faqat yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha respublika komissiyasi ruxsat beradi. Maktablar va bolalar bog‘chalarida tezlik chegarasi 30 km/soat, lekin hamma joyda emas, balki faqat belgilar mavjud bo‘lsa. Aholi punktlarida tezlik chegarasi 30 km/soatdan 20 km/soatgacha pasaytirildi. Ayni paytda, ko‘plab dunyo poytaxtlarida 50 km/soat tezlik uzoq vaqtdan beri barcha ko‘chalar uchun standart bo‘lib kelgan, aylanma yo‘ldan tashqari, markaziy qismlarda esa 30 km/soat.