Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tuman Elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari «Qirqketmon» MFYda 57 tup daraxt kesib tashlangani aniqlandi.

Bu haqdagi xabarlar «Kusherbayevga murojaat» kanalida video bilan birga e’lon qilindi. Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, voqea 5 iyul kuni sodir bo‘lgan.

«Noqonuniy ravishda 48 tup archa (sosna), 9 tup shumtol manzarali daraxti noqonuniy ravishda ostidan kesib yuborilgan. Bu bilan O‘simlik dunyosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunning 37-moddasi talablari buzilgan va o‘simlik dunyosiga 856 mln 500 ming so‘m zarar yetkazilgan», — deyiladi xabarda.

Farg‘ona viloyati ekologiya boshqarmasi qo‘shimcha qilishicha, 30 tupdan ortiq mevali daraxtlar ham ostidan kesib tashlangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 278-moddasiga asosan holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy hal etish uchun viloyati prokuroriga yuborildi.

Ish hujjatlarida ta’kidlanishicha, tuman Elektr tarmoqlari korxonasi rahbari va mutaxassislardan tushuntirish xati so‘ralgan, rahbar vaziyatni tushuntirishdan bundan bosh tortgan. Xodimlardan biri tushuntirish xati yozib bergan, biroq, ma’muriy bayonnomaga imzo chekishni rad etgan.

Dushanba kuni tushdan keyin Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida daraxtlar kesib tashlanganligi holati Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 30 dekabrdagi farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirildi.