2022 yilning o‘tgan davrida O‘zbekistonda dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan tashqarida sotish, shuningdek, sifatsiz yoki qalbaki dori vositalarining muomalaga kiritilishi bilan bog‘liq 82 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur holatlar yuzasidan 56 ta jinoiy hamda 26 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar qo‘zg‘atilgan. 4,4 mlrd so‘mlik sifatsiz va qalbaki dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Shuningdek, inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yoki psixotrop moddalarni tayyorlash, saqlash va o‘tkazish bilan bog‘liq 52 ta jinoyat aniqlangan. 272 mln so‘mlik ushbu turdagi preparatlarning noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olingan.

Departament dori vositalarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish holatlari yoki kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarni noqonuniy taklif qilayotgan shaxslar haqida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolardan 71−233−10−07 raqamli «ishonch telefoni» murojaat qilishlarini so‘raydi. Murojaatchining ismi-sharifi va boshqa ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.

Foto