DXX tomonidan IIB JQB hamda Toshkent shahar IIBB bilan hamkorlikda noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq bir nechta holatlarning oldi olindi, deb xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati.

Aniqlanishicha, Toshkent shahrida yashovchi (1959 y.t.) muqaddam sudlangan shaxs Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida joylashgan va boshqa bir fuqaroga issiqxona tashkil etishi uchun ajratilgan 2 gektar sug‘oriladigan yer maydonini hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib, u yerda ishlab chiqarish sexi qurishi uchun ruxsat olib berish evaziga 500 ming dollari talab qiladi. U so‘ralgan pulning 50 ming dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.

Bo‘stonliq tumanida kuzatilgan holatda esa 1990 yilda tug‘ilgan shaxs boshqa bir fuqaroga tegishli fermer xo‘jaligiga bog‘dorchilik uchun 49 yil muddatga ajratilgan 35 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali auksion savdolariga chiqarmasdan xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 350 ming dollar talab qiladi. U so‘ralgan pulning 40 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi (1992 y.t.) shaxs Bo‘stonliq tumanidagi mahalliy MCHJga tegishli 3 gektar yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 680 ming dollar talab qiladi va oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Bundan tashqari, DXX Jizzax viloyati bo‘yicha Boshqarmasi tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq yana bir holatning oldi olindi. Sharof Rashidov tumanidagi paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari 5 gektar suvli yer maydonini tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qiladi.

U yer maydonini 200 mln so‘mga sotishga kelishadi va so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Andijon viloyatidagi holatda esa DXX hamda Departament tomonidan Andijon shahrida va Oltinko‘l tumanida yashovchi muqaddam sudlangan 3 nafar shaxs mansabdor tanishlari orqali Oltinko‘l tumanidagi kichik sanoat zonasi hududidan 4,5 gektar yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘ladi.

Buning evaziga 36 ming dollar talab qilishadi va ulardan biri so‘ralgan puldan 10,7 dollarini olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, tadbir davom ettirilib, uning ikki nafar sherigi ham qo‘lga olindi, deyiladi xabarda.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.