O‘zbekistonda magistraturaga kirish uchun hujjat qabul qilish jarayonida topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxtalashtirilgan. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov 28 iyul kuni o‘tkazilgan ijodiy, kasbiy imtihonlarni o‘tkazishga doir videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

«Abduqodir Toshqulov magistraturaga hujjat qabul qilishga ham to‘xtalib, topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxtalashtirilayotganini qattiq tanqid qildi. Mas’ullarga ushbu holatni qat’iy nazoratga olishlari, qabul yakunlangach sertifikatlarni ekspertlar ishtirokida yana bir bor tekshirishlari, soxta sertifikat topshirganlarni o‘qishdan chetlatish bo‘yicha zarur ko‘rsatma berdi», — deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.


Bundan tashqari, vazir OTMlar rektorlari va qabul komissiyalari raislariga yuzlanib, shunday dedi: «Sizlarga katta ishonch bildirgan holda shunday mas’uliyatli vazifaga jalb qildik, bunda sizdan faqat halollik talab etiladi».

Shuningdek, yig‘ilishda abituriyentlarning ota-onalari va kuzatuvchilar uchun muassasa hududida imtihonni sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda o‘tkazish, jarayonlarni videotranslyatsiya qilish, har bir hududni navbatchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta’minlash, jarayon haqida tezkor axborot berib borish, apellyatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish, imtihon jarayonlariga OAVlar, jamoatchilik vakillari, blogerlarni taklif etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Ma’lumot o‘rnida, kasbiy imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jami qabul parametrlari 2515 tani tashkil etadi. Ro‘yxatdan o‘tgan va ta’lim yo‘nalishlarini tanlagan abituriyentlar soni 1,2 mln nafardan oshgan:

  • alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 60 177 nafar,
  • test bilan birgalikda kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni esa 66 371 nafar.