24−26 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumini tashkil etish uchun kamida 15 mlrd so‘m (taxminan 1,37 mln dollar) sarflangan. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (MIFT)ning davlat xaridlari tizimidagi ma’lumotlari guvohlik bermoqda. Davletovuz blogi bunga e’tibor qaratdi.

Bosh vazirning 22 martdagi farmoyishi bilan alohida g‘azna hisobvarag‘i ochilib, unda forumni tashkil etish uchun zarur mablag‘lar yig‘ilib, ITSV tomonidan boshqarilgan. Vazirlar Mahkamasining zaxira fondi va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar moliyalashtirish manbalari sifatida belgilangan.

Davlat xaridlari tizimiga ko‘ra, 15 mart kuni Sky Events va ITSV o‘rtasida tantanali marosimni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida 7,264 mlrd so‘mlik shartnoma imzolangan.

Xizmatlar qatoriga bir qancha binolar ijarasi, jumladan, QQSni hisobga olgan holda qariyb 2,27 mlrd so‘mga (ikki kunlik) ko‘p funksiyali zalni, 647,3 mln so‘mlik banket zali va boshqalarni ijaraga olish kiradi.

Shartnomada umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish ham ko‘zda tutilgan. Smetadagi qora ikraning bir porsiyasi 6,32 mln so‘m (8 porsiya — 50,6 mln so‘m), malina, qorag‘at, golubika, qulupnay va gilos — 230 ming so‘m (500 porsiya — 115 mln so‘m), sovuq pishiriqlar — 552 ming so‘m, pishloq lagan — 483 ming, sabzavot assortisi — 138 ming, kesilgan mevalar — 517,5 ming, Nestle suti — 46 ming so‘m va boshqalar baholangan.

24 mart kuni ITSV Lyuks Taxi bilan 2,053 mlrd so‘mlik shartnoma imzoladi. 21−28 mart kunlari bo‘lib o‘tgan investitsiya forumi davomida mehmonlarni tashish uchun jami 155 dona Mercedes W222″ (jami — 759,5 mln so‘m), 74 dona Mercedes W221/2″ (266,4 mln so‘m), 100 dona Mercedes W221″ (316 mln so‘m), 186 dona Mercedes vito (448,2 million so‘m) va 148 dona Malibu (263 mln so‘m) avtomobillari jalb etildi.

19 mart kuni Akfa Dream World kompaniyasi bilan Hilton mehmonxonasida mehmonlarning ovqatlanishi bo‘yicha shartnoma imzolandi. Majmuadagi turli restoranlarda minglab aholi uchun tushlik va kechki ovqat qo‘shilgan qiymat solig‘isiz 2 milliard 585 mln so‘mni tashkil etadi.

Ballroom zalida kechki ovqat paytida somsa — 70 ming so‘m, kichik-manti (yog‘siz) — 50 ming, qizil ikrali baliq assortisi -150 ming, bayram palovi — 130 ming so‘mga baholandi.

Narxlar QQSsiz ko‘rsatilgan, chunki, Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Akfa Dream World bir qator soliqlar, jumladan, QQS, mol-mulk solig‘i, ijtimoiy soliq, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yer solig‘idan ozod qilingan yoki imtiyozga ega. Birgina 2021 yilning o‘zida QQS bo‘yicha imtiyozlar 21,9 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Akfa Dream World va Sky Events deyarli bir manzilda (Shayxontohur tumani, Islom Karimov ko‘chasi, 5-blok, 1−2-bino va 1-bino) ro‘yxatdan o‘tgan.

Bundan tashqari, quyidagi korxona va tashkilotlar bilan ham shartnomalar tuzilgan:

Ahadmix-Yastreb — sahna, pult jihozlari va LED ekranlar bilan ta’minlash (456,6 mln so‘m);

«Respublika maxsus aloqa markazi» DUK — ovoz kuchaytiruvchi asbob-uskunalar va nutqni sinxron tarjima qilish uskunalari bilan ta’minlash hamda ularga xizmat ko‘rsatish (798,5 mln so‘m);

Akfa Dream World (Hilton) — shtab-kvartirasi uchun zal ijarasi va ovqatlanish (253,2 mln so‘m);

Interhotel (International mehmonxonasi) — 1500 o‘ringa mo‘ljallangan zal va bufet stoli ijarasi — 1,19 mlrd so‘m;

Shoraxmat-Fayz — 214 dona Davlat bayroqlarini ijaraga olish va tashish (398,2 mln so‘m).

Ijtimoiy tarmoqlarda forumni tashkil etishda ishtirok etgan ayrim kompaniyalarga pul to‘lamagani haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi.

Vazirlar Mahkamasi farmoyishida ta’kidlanganidek, ITSV, Strategik rivojlanish agentligi va Toshkent shahar hokimligidan iborat tashkiliy qo‘mitaga forumni yuqori saviyada o‘tkazish, xorijiy tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish, mamlakat sanoat salohiyati, yangi texnologiyalar va innovatsiyalarga oid ko‘rgazmalar tashkil etish topshirilgan.

«Gazeta.uz» Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan izoh so‘radi.

Forum yakunlariga ko‘ra, ITSV 7,8 mlrd dollarlik aniq shartnomalar va investitsiyaviy bitimlar paketi imzolandi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining ma’lum qilishicha, qiymati 3,5 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga ham erishilganini ma’lum qildi.