Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, konstitutsiyaviy islohotlar komissiyasi rahbari Akmal Saidov Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlar muhokamasining dastlab 10 kunga (15 iyulgacha) uzaytirilganining Nukus voqealariga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

«Kecha men Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim bilan uchrashdim. Afsuski, bitta noto‘g‘ri fikr shakllangan ekan. Bir soat gaplashish davomida u „Nima uchun sizlar (loyiha muhokamasini) yana 10 kunga cho‘zdingizlar? Bizning fikrimizcha bu Nukus voqealariga bog‘liq“, deb aytyapti. Men unga bu mutlaqo noto‘g‘ri deb aytdim. Bu yerda bizning qo‘mitamiz raisi kundan-kunga ortib borayotgan takliflar soni xalqimizda hali loyiha bo‘yicha aytadigan fikrlari, mulohazalari bor ekanini bildiradi, deb aytdi», — deya ta’kidladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar muhokamalarning birinchi bosqichida umumiy tarzdagi takliflar bo‘ladigan bo‘lsa, hozirgi takliflar har bir moddaga, har bir so‘z, har bir vergulga taalluqli. Shu sababli Qonunchilik palatasi uni 10 kunga uzaytirdi, dedi Akmal Saidov. Komissiya hozirga qadar bu bo‘yicha izoh bermagan edi.

«Biz bir narsani, saylovchilarimizga ham, ayniqsa, xorijiy hamkorlarimizga tushuntirishimiz kerak. Bu muddatlarni o‘zgartirish halqimizning xohishi va e’tirozlarini Qonunchilik palatasi tomonidan e’tiborga olingan holda bajariladi. Bizga birov ko‘rsatma berayotgani yo‘q, „cho‘zgin-cho‘zmagin“ deb. Biz o‘zimiz hal qilyapmiz», — dedi u.

Shuningdek, birinchi vitse-spiker takliflar 22 kishidan iborat «haftada 7 kun, 24 soat, kechayu-kunduz» ishlaydigan ishchi guruhi, shuningdek, yig‘ma axborot-tahlil guruhi, matbuot xizmati, konstitutsiyaviy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilayotganini ta’kidladi.

Akmal Saidovning aytishicha, prezident 20 iyun kuni Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar muhokamasi ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirishni so‘ragan.

«20 iyun kuni prezidentning shaxsan o‘zi menga taklif yuborgan barchaga, xoh deputat bo‘lsin, xoh oddiy fuqaroga minnatdorchilik bildirishni topshirdi. Bugun biz turli yo‘llar bilan rahmat maktublarini yuboryapmiz. SMS va meningkonstitutsiyam.uz portali orqali 41 mingdan ortiq minnatdorchilik xatlari yuborildi, call-markazi operatorlari qo‘ng‘iroq qilgan 64 mingdan ortiq fuqarolarga [o‘zgartirishlarni] qo‘llab-quvvatlayaptimi yoki yo‘qmi, o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Telegram boti orqali — 18 mingdan ortiq rahmat yuborildi», — dedi Akmal Saidov.

Qonunchilik palatasi vitse-spikeri, «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirovning aytishicha, ayrim moddalarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni qo‘llab-quvvatlovchi yuzlab takliflar, shuningdek, mazkur o‘zgartirishlarga qarshi ham shuncha takliflar kelib tushmoqda. Deputat bu jarayonni «haqiqiy muhokama» deb atadi va siyosiy madaniyat shakllanganini qayd etdi.

«Qarshi fikrlar bo‘lishi mumkin. Demokratiyaning oltin qoidasi bor — ko‘pchilik nima desa, shu bo‘ladi», — dedi u Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarga haqida fikr bildirib.