11 iyun kuni Toshkent shahridagi «Paxtakor» stadionida futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogi chorak finali doirasida O‘zbekiston — Iroq o‘yinini yoritishga borgan «Sevimli» telekanali muxbiri va tasvirchisi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari o‘rtasida kelib chiqqan holati o‘rganildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Avvalroq, Sevimli telekanali O‘zbekiston-Iroq o‘yinini videoga olayotgan tasvirchi bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kaltaklanganini xabar qilgandi. Xodimlar keyin uzr so‘rashgan va voqea haqida xabar bermaslikni talab qilishgan. Telekanal o‘shanda yangilikni o‘chirib tashlagandi.

Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlariga kirishildi. Tergovning borishi ustidan Bosh prokuratura tomonidan alohida nazorat o‘rnatildi.