Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hukumatga Rossiya bozorini tark etgan xorijiy kompaniyalarning Qozog‘istonga ko‘chirilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriq berdi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.

«Deyarli 1400 ta yirik xorijiy kompaniyadan har ikkitasi o‘z faoliyatini to‘xtatdi yoki Rossiya bozorini butunlay tark etdi. Hukumat ularning Qozog‘istonga ko‘chirilishi uchun qulay sharoit yaratishi kerak. Bu bizga o‘rta va yuqori qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun yaxshi imkoniyatlar beradi», — dedi davlat rahbari hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishida.

Qasim-Jomart Toqayev hukumatga ishlab chiqarish sanoatida investitsiya loyihalari jamg‘armasini tayyorlash va potensial investorlar bilan hamkorlikda ishlab chiqish bo‘yicha bergan topshirig‘ini eslatdi.

«Ushbu ish hozircha yig‘ilish va uchrashuvlar rejimida olib borilmoqda. Aniq natijalarga kelsak, hali maqtanadigan narsa yo‘q. Yangi loyihalar deyarli yo‘q. Yana bir bor ta’kidlaymanki, loyihalar birinchi navbatda hududlarda, joylarda amalga oshirilmoqda. Shu bois, ularni jalb qilish va yakuniy natijaga erishish bo‘yicha hokimlardan talab vazirliklarda bo‘lgani kabi bo‘ladi», — deya ta’kidladi prezident.