Iyun oyida O‘zbekiston aholisi va tadbirkorlik subyektlarining keyingi 12 oylik inflyatsion kutilmalari yaxshilandi, bu haqda Markaziy bankning so‘rov natijalari bo‘yicha bergan izohlarida qayd etilgan.

O‘tgan oyda fuqarolar o‘rtasida kutilayotgan o‘rtacha inflyatsiya darajasi 16,4 foizni tashkil etdi (may oyida — 17,6%, aprelda — 14,2%). Oy davomida inflyatsiya kutilmalari darajasi 15,2 foizdan 14,1 foizgacha pasaydi. Bu ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorlashishi sababli yuqoriroq inflyatsiyani kutayotgan respondentlar ulushi kamayib borishi bilan izohlanadi.

Respondentlarning aksariyati, avvalgidek, inflyatsiyani 9−12% darajasida bo‘lishini kutmoqda. Shu bilan birga, iyun oyida narxlarning 13% yoki undan ko‘proq oshishini kutayotgan respondentlar soni ortdi.

Aholining fikricha, narxlarning oshishiga asosan import qilinadigan tovarlar va birinchi galdagi zaruriy mahsulotlar narxining oshishi ta’sir qiladi — 56% respondentlar (may oyida — 55%), narxlarining sun’iy oshirilishi — 41% (37%), ish haqi va nafaqalarning oshirilishi — 34% (39%)

Respondentlarning 27 foizi inflyatsiyani yoqilg‘i va energoresurslar narxlarining ko‘tarilishi, 25 foizi — valyuta kursining o‘zgarishi, 22 foizi — kommunal xizmatlar narxining oshishi, 14 foizi — supermarket va bozorlardagi narxlar o‘rtasidagi farqning yuqoriligi, 11 foizi — esa uy-joy narxi va ijara to‘lovlari narxlarning oshishi bilan izohlaydi.

Tadbirkorlar o‘rtasida keyingi 12 oy davomida inflyatsion kutilmalar 1,6 foizga — 17,3 foizdan 15,7 foizga kamaydi. Mediana ko‘rsatkichi esa 14,8% dan 13,3% gacha kamaydi.

So‘rovdan o‘tgan tadbirkorlarning aksariyati, shuningdek, aholi ulushi pasaygan bo‘lsada, kelgusi 12 oyda inflyatsiyani 9−12 foiz atrofida bo‘lishini kutishmoqda. Shu bilan birga, inflyatsiyani 13% va undan yuqori darajada prognoz qilgan respondentlar soni ham kamaydi.

Tadbirkorlar aholidan farqli o‘laroq, inflyatsiyaning asosiy omili ish haqi va nafaqalarning oshishi deb hisoblaydi — 29% (may oyida — 30%). Shuningdek, tadbirkorlar yoqilg‘i va transport xarajatlari 27 foizga (25 foiz) oshishini kutmoqda.

Xomashyo va butlovchi qismlar qimmatlashishini kutayotgan respondentlar ulushi keskin oshdi — 24% (14%). Bundan tashqari, biznesmenlar import xomashyo yetkazib berishda uzilishlar kutmoqda — 22% (21%).

Tadbirkorlar narxlarning o‘sishi omillari qatorida soliq yukining yuqoriligi — 19 foiz (21 foiz), valyuta kursining o‘zgarishi — 19 foiz (24 foiz), ayrim tovarlar importida tarif va notarif cheklovlarning mavjudligi — 18% (16%), uy-joy narxining oshishi va ijara to‘lovlari — 10% (9%) ham qayd etilgan.