O‘zbekiston Markaziy banki «Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, nominal qiymati 200 ming so‘m bo‘lgan banknotani 2024 yilga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, 15 iyuldan muomalaga chiqarish to‘g‘risidagi qarori bo‘yicha tushuntirish berdi.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori nominaldagi banknotlarni muomalaga chiqarishdan maqsad naqd pul bilan to‘lovni osonlashtirishdan iboratdir.

«Jahon tajribasida soha mutaxassislarining tavsiyalariga ko‘ra, eng katta nominaldagi banknotlarning jami muomaladagi naqd pullardagi salmog‘i 50 foizga yaqinlashganda kattaroq nominaldagi banknotni muomalaga chiqarish choralarini ko‘rish lozim», — deya qayd etdi MB.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2022 yil 1 iyul holatiga 100 ming so‘mlik banknotlarning jami muomaladagi naqd pullardagi salmog‘i yil boshidagi 34,8%dan 43,4% foizga ko‘tarilgan.

«Iqtisodiyot kengayishi ortidan naqd pul aylanmasi, muomaladagi naqd pullar hajmining oshganligi va o‘sish dinamikasining davom etayotganligi 200 ming so‘mlik banknotni muomalaga chiqarish jarayonini tezlashtirish zaruriyatini yuzaga keltirdi», — deya tushuntirish berdi Markaziy bank.

Moliyachi Otabek Bakirovning qayd etishicha, pul massasining o‘sishiga iqtisodiy faollikdan ham ko‘ra tashqaridan xorijiy valyuta oqimining haddan ziyod oshgani ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda.

«Regulyatorning ortiqcha valyuta oqimini sotib olishi birinchi navbatda naqd pullar qoldig‘iga ta’sir o‘tkazayapti. Buni pul agregatlari komponentlari ichida naqd pullar qoldig‘i eng yuqori sur’atda o‘sayotganidan ham ko‘rish mumkin. Ikkinchidan, pul massasining o‘sishi YAIM nominal o‘sishini ancha ortda qoldirmoqda. Bu xavotirli, chunki inflyatsiyaning monetar sabablarini qo‘zg‘atib yuborishi mumkin. Tez o‘sayotgan pul massasini iqtisodiyot to‘liq o‘zlashtira olayoptimi yoki yo‘q, faqat vaqt o‘tgandan keyingina, narx oqibatlarda ko‘rish mumkin bo‘ladi», -deb yozdi u.

«Gazeta.uz» aprel va may oylarida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari bo‘yicha rekord ko‘rsatkich qayd etilgani haqida xabar bergan edi. Aprel oyida mehnat muhojirlari O‘zbekistonga rekord darajadagi 1,07 mlrd dollar jo‘natdi, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p, may oyidagi rekord — 1,65 mlrd dollar (+2,7 marta) bo‘ldi.

Shu fonda may oyi boshida bankomatlardan naqd pul olish bilan bog‘liq muammolar qayd etilgan edi. Markaziy bank uzilishlarni naqd pulga talab ortishi va logistika muammolari bilan izohladi, bu esa regulyatorni qo‘shimcha pul muomalasini uch baravar oshirishga majbur qildi.

Markaziy bank yangi banknotning dizayni va uning muomalaga chiqarilishi Senatning 5 iyuldagi qarori bilan tasdiqlanganini qayd etdi. Parlamentning yuqori palatasi hujjatni 14 iyul kuni OAVda banknotning muomalaga chiqarilishiga Senat tomonidan ma’qullangani yoki yo‘qligi haqidagi savollar tug‘ilgandan so‘ng e’lon qildi.