Samarqand viloyatining Toyloq tumanida o‘z joniga qasd qilgan kelin voqeasi ortidan uning turmush o‘rtog‘iga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.

27 iyun kuni o‘zining yashash uyi mehmonxonasiga kirib, kiyim ilgichga ayollar ro‘moli bilan osib, o‘z joniga qasd qilgan 30 yoshli ayolning murdasi sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvidan o‘tkazildi.

Dastlabki sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhumaning o‘limi osilishda bo‘yin a’zolarini sirtmoq bilan qisilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiyadan kelib chiqqan. Shuningdek, marhumaning tanasida yengil tan jarohatlari mavjudligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Tayloq tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazildi. Natijada marhuma G. I.ning turmush o‘rtog‘i X.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 103-moddasi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.