BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tomonidan 40 ta mamlakat hammuallifligida ishlab chiqilgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qulladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

«Dunyo» axborot agentligining aniqlik kiritishicha, hujjatni Nyu-Yorkda tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilov taqdim etdi.

Ushbu rezolyutsiyani ishlab chiqish va unda ikki mintaqa muloqotining umumiy yondashuvlari, asosiy prinsiplari va yo‘nalishlarini mustahkamlab qo‘yish tashabbusi davlatimiz rahbari tomonidan 2021 yil iyul oyida o‘tkazilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi Toshkent konferensiyasida ilgari surilgan edi.

Davlat rahbari anjumanda so‘zlagan nutqida Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining tarixiy yaqinligi, o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish asosidagi muloqotni mustahkamlash muhimligini ta’kidlagan edi.

Toshkent konferensiyasida dunyoning 50 mamlakatidan 600 ga yaqin vakil, jumladan, davlat va hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokchilarga yo‘llagan videomurojaatida «o‘zaro aloqadorlik savdo, iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishda muhim rol o‘ynashi» va «Markaziy va Janubiy Osiyoda uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va farovonlikni o‘rnatishga hissa qo‘shishi mumkin"ligini ta’kidlagan edi».

Hujjat hammualliflari qatorida Ozarbayjon, Armaniston, Angola, Vetnam, Vanuatu, Gana, Kuba, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Kot-d'Ivuar, Qatar, Misr, Eron, Nepal, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Marokash, Pokiston, Rossiya, Senegal, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Shri-Lanka, Filippin va boshqalar bor.

Rezolyutsiyada Vena deklaratsiyasi va uning 2014−2024 yillarga mo‘ljallangan dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun harakat dasturini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish uchun transport va tranzit koridorlarining ahamiyati hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar samaradorligini oshirish va ularning noyob transport, tranzit va sarmoyaviy salohiyatini ro‘yobga chiqarishning muhimligi qayd etilgan.

Hujjatda mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashda mintaqaviy tashkilotlarning muhim roli, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatishda Afg‘onistonning roli, shuningdek, uning iqtisodiy rivojlanishi hamda mustahkam tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvining ahamiyati ehtirof etildi.

Hujjatda qashshoqlikni kamaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash, transport infratuzilmasini kengaytirish va dengiz portlariga qulay, barqaror va xavfsiz yo‘nalishlarni ochuvchi yangi xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirish maqsadida Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish qoidalari o‘z aksini topgan.