11 iyul kuni O‘zbekistondagi banklardan biri o‘ziga tegishli bankomatlardan birida 1 mln so‘mdan ortiq (tabaqalashtirilgan) naqd pul yechganlik uchun komissiya miqdorini 1 foizdan 3 foizgacha oshirdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, bozor va biznes qoidalariga ko‘ra, talab va taklifni muvozanatlashtirish uchun katta miqdorda naqdlik yechish uchun yuqoriroq komissiyalar o‘rnatilishi «iste’molchilar uchun ham, banklar uchun manfaatli qadam bo‘ladi».

«Jarayonning bunday yo‘lga qo‘yilishi naqd pulning tranzaksion tannarxi/xarajatlari va naqdlikka talab ancha baland bo‘lgan uzoq va chekka tumanlarda ayniqsa muhim», — dedi u.

Mazkur holatga Markaziy bank munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, bayram kunlari munosabati bilan respublika hududidagi 9500 dan ortiq bankomatlarning uzluksiz ishlashi va yetarli miqdorda naqd pullar bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan.

«Bankomatlardan naqd pul yechish uchun komissiya to‘lovlari tijorat banklari tomonidan bankomatga xizmat ko‘rsatish xarajatlaridan kelib chiqib mustaqil belgilanadi va bugungi kunda 1 foizdan oshmaydi», — deyiladi xabarda.

«Ayrim tijorat banki tomonidan alohida bir bankomatda eksperiment tariqasida tabaqalashgan yuqori komissiya to‘lovi o‘rnatilgan bo‘lsa, erkin bozor sharoitida bu o‘zini oqlamaydi. Zero, boshqa bankomatlarda komissiya to‘lovi 1 foiz yoki undan past qilib belgilanganligi sababli iste’molchilar arzon xizmatidan foydalanishni afzal ko‘radi», — deyiladi regulyator bayonotida.

Otabek Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, sinov tariqasida naqd pul uchun komissiya foizi oshirilgan hududda uchta bankomat mavjud.

«Ikkitasida, komissiyasi tekis 1 foiz bo‘lganida pul yo‘q. Ertalab to‘ldirilgan, bir necha minutda yechib tugatishgan shekilli. Uchinchisida — mana shu tajriba bankomatida esa pul bor, odamlar olayapti, hech kim norozi bo‘lgani yo‘q. Sal nariroqda, bir necha yuz metrda paynetchi 5% dan pul yechayapti», — dedi u.

Iqtisodchining ishonch bildirishicha, «bankomat xizmatlari bozorida baribir shunday bo‘ladi».