IT-Park hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi birgalikda xalqaro IT sertifikatlarini olgan yoshlarga xarajatlarning yarmi qaytarib berilishi bo‘yicha dastur ishlab chiqdi. AOKAda o‘tgan brifingda IT Park bo‘lim boshlig‘i Jamila Xalibayeva buning tartibini tushuntirdi.

Dasturga ko‘ra, xalqaro IT-sertifikatlarini olgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari sarflangan mablag‘ning 50 foizigacha kompensatsiya pulini qo‘lga kiritishi mumkin.

Kompensatsiya olish uchun arizalar onlayn tarzda my.gov.uz portali orqali yuboriladi.

Arizaga quyidagi hujjatlarni ilova qilish lozim:

  • o‘qish va xalqaro sertifikat olish uchun xarajatlar kvitansiyasi;
  • xalqaro IT-sertifikatining nusxasi.

Kompensatsiya olish uchun sertifikat olgandan boshlab 180 kundan kechiktirmasdan murojaat qilish lozim. Pulni o‘tkazish uchun bank karta raqami, bank tranzit raqami, STIR va bank kodi zarur bo‘ladi. Ariza beruvchi 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, arizani to‘ldirishda ota-ona/vasiylarning ma’lumotlarini ko‘rsatish lozim.

Agar ariza beruvchining so‘rovnomadagi rekvizitlari va unga ilova qilingan hujjatlar belgilangan talablarga javob bersa, kompensatsiya ariza to‘ldirilgan kundan boshlab 17 ish kuni ichida beriladi.

Kompensatsiya beriladigan xalqaro IT-sertifikatlarining to‘liq ro‘yxati it-istedod.uz saytida joylashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, kompensatsiya miqdori olingan sertifikatning IT-mutaxassislik darajasiga qarab hisoblanadi. Xususan, boshlang‘ich darajadagi sertifikatlar uchun 30%, o‘rtacha daraja uchun 40% va yuqori darajadagi IT-mutaxassislik sertifikatiga 50% kompensatsiya to‘lab beriladi.

Masalan, Cisco kompaniyasidan CyberOps professional kursining narxi 3000−6000 dollargacha bo‘ladi. Shunday qilib, kursni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlar 3000 dollargacha kompensatsiya pulini olish imkoniyatiga ega, deyiladi xabarda.

Ushbu xalqaro IT-sertifikatlarni olish uchun onlayn va offlayn tarzda kurslarni bitirish mumkin. Onlayn kurslarni HUAWEI, Coursera, Skillbox, Geekbrains kabi platformalarda, oflayn ta’limni esa IT-Park Toshkent filialida hamda poytaxtda joylashgan bir qator xususiy o‘quv markazlarida olish mumkin.