Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti chorshanba kungi brifingda so‘nggi ikki hafta ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 30 foizga oshganini e’lon qildi.

Tashkilot bosh direktori Tedros Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Yevropada omikron shtammining BA.4 va BA.5 subvariantlari ustunlik qilmoqda, ayni paytda yangi kichik turlar ham aniqlanmoqda.

Omikronning BA.2.75 kichik turi Hindistonda aniqlangan, mutaxassislar uni kuzatmoqda, dedi JSST rahbari.

«Global miqyosda o‘tkazilgan koronavirus testlari soni keskin kamaydi, — dedi Tedros Gebreyesus. — Bu koronavirus rivojlanishining haqiqiy manzarasini yashiradi va odamlar og‘ir kechishining oldini olish uchun o‘z vaqtida davolanmayotganini bildiradi».

Hozirgi global koronavirus holatini yana bir nechta tendensiyalar xarakterlaydi:

  • emlash jiddiy kasallik va o‘limning oldini olishning haqiqatan ham samarali vositasi bo‘lib qolmoqda. JSST, ayniqsa, xavf guruhlarida (tibbiyot xodimlari, keksalar, surunkali kasalliklarga chalinganlar) buster vaksinatsiyaning ahamiyatini ta’kidlaydi;
  • yangi koronavirus dorilari, ayniqsa samarali antiviral preparatlar past va o‘rta daromadli mamlakatlarga yetib bormayapti, shuning uchun JSST mamlakatlarni ularni yanada qulayroq qilishga chaqirmoqda;
  • pandemiyaning har bir to‘lqini kasallik oqibatlari bilan yashaydigan ko‘proq odamlarni qoldiradi. Bu omon qolganlarning o‘ziga ta’sir qiladi hamda sog‘liqni saqlash tizimi, iqtisodiyot va jamiyat uchun qiyinchilik tug‘diradi.

6 iyul kuni O‘zbekistonda 94 ta kasallik qayd etilgan bo‘lsa, o‘tgan haftada kunlik ko‘rsatkich 92−95 tani tashkil qildi.

Qozog‘istonda esa 5 iyul kuni kasallanishlar soni keskin oshgani qayd etildi: kuniga 360 kishi (bir kun avval — 87). Rossiyada har kuni 4000 dan kamroq kasallik aniqlanmoqda, bu ko‘rsatkich hozircha o‘sayotgani yo‘q, deb yozadi RBK