Namangan viloyatining Uychi tumani «Pastguzar» mahallasida joylashgan «Uychi manzilgohi (BT-3)» arxeologik yodgorligi tuman hokimining qarori bilan tadbirkorga berib yuborilgani aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

obyekt madaniy meros obyekti sifatida davlat muhofazasiga olinganiga qaramay, tuman hokimining 2019 yil 6 apreldagi 1473-sonli qaroriga asosan fuqaro T. D.ga tadbirkorlik faoliyati uchun noqonuniy tarzda berib yuborilgan.

Namangan viloyat prokuraturasi va DXXning aniqlashicha, o‘tgan vaqt mobaynida tadbirkor yodgorlik hududining 21 sotix qismini og‘ir texnika yordamida surib, qazish ishlarini olib borgan. Oqibatda arxeologiya obyektiga 3,9 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati Madaniy meros boshqarmasi to‘plagan hujjatlar asosida viloyat prokuraturasi Uychi tuman hokimligi mansabdor shaxslari hamda MCHJ rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Hozirda tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.