O‘zbekiston prezidenti “Nodavlat sport-ta'lim muassasalarida olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni tayyorlash va ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi [PQ-302-son] qarorni imzolandi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Qaror “iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni tayyorlashda davlat va nodavlat sport-ta'lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, xususiy ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasida zarur shart-sharoitlar yaratish” maqsadida qabul qilingan.

Hujjatga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan sport sohasidagi maktabdan tashqari nodavlat sport-ta'lim muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etiladi:

  • yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib hamda sovrindor bo‘lgan sportchilar tomonidan tashkil etilgan nodavlat sport-ta'lim muassasasi faoliyatini olib borish uchun davlat tasarrufida bo‘lgan zarur bino va inshootlarni 2024 yil 1 yanvarga qadar ijara to‘lovlarisiz (kommunal to‘lovlar bundan mustasno) ularga taqdim etiladi;
  • 2024 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar nodavlat sport-ta'lim muassasasi tomonidan jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini ko‘rsatish uchun foydalaniladigan bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlari 50 foizga kamaytiriladi.

Bundan tashqari, nodavlat sport-ta'lim muassasalari Soliq kodeksiga asosan ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar uchun belgilangan soliq imtiyozlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Nodavlat sport-ta'lim muassasasini bojxona bojini to‘lashdan ozod qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarni tayyorlagan nodavlat sport-ta'lim muassasalari trenerlariga bir martalik pul mukofotlari to‘lanadi.

Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya hamda paralimpiya qo‘mitalari ikki oy muddatda xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda nodavlat sport-ta'lim muassasalarining iqtidorli sportchilarini aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya), shuningdek, ularni O‘zbekiston terma jamoalarining asosiy va zaxira tarkiblariga jalb etish tartibini tasdiqlaydi.

Shuningdek, respublikadagi hudud rahbariyatlari davlat tasarrufidagi bino va inshootlarning nodavlat sport-ta'lim muassasasini tashkil qilish niyatini bildirgan sportchilarga ijara shartnomasi asosida belgilangan tartibda ajratilishini ta’minlaydi.

Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda Nodavlat sport-ta'lim muassasasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash yuklatildi.