Prezident 29 iyun kuni «Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, mamlakatda yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida o‘zining yuksak azmu shijoati, bilim va salohiyati, iste’dod va qobiliyatini namoyon etib, turli sohalarda erishgan yutuqlari bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga, uning shon-shuhratini jahon miqyosida yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, el-yurtga mehri va sadoqati, namunali xulqi va odobi hamda vatanparvarlik fazilatlari bilan tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh tashabbuskor va yetakchi yoshlar «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandi.

E’tiborlisi, 45 nafar taqdirlangan yoshlarning orasida «Gazeta.uz»ning «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi qahramoni — AQShning Amazon kompaniyasida biznes-tahlil bo‘yicha muhandisi Shahlo Xodjayeva ham bor.

Shahloning intervyusidan qiziqarli fikrlarning qisqa shaklini e’tiboringizga havola etamiz:

«Yaxshi bo‘lishning o‘zi yetarli emas, birgalikda ishlayotgan odamlarga mehribon bo‘lishingiz ham kerak, bu esa ularga yordam berishga tayyor turishingiz kerak degani. Buning uchun ba’zan tanqidiy ruhda bo‘lishingizga ham to‘g‘ri keladi. Bunday hollarda xodimning o‘sishiga yordam berish uchun sovuqroq va qattiqroq suhbat o‘tkazish kerak — va bu shunchaki yaxshi va muloyim bo‘lishning teskarisi bo‘ladi».

«Amerikada esa hayot mustaqilroq. Odatda bolalar 18 yoshga yetmay uylarini tark etib, katta hayotga qadam tashlaydi. Uydan ajralish ularni moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lishga, mustaqil fikrlashga, o‘zini o‘zi ta’minlashga va shaxsiy makon haqidagi tasavvurlarga ega bo‘lishga majbur qiladi. Bundan tashqari, Amerika jamiyati feminizm va ayollar huquqlari nuqtai nazaridan ancha ilg‘or».

«O‘tgan yillar davomida yurtimizning vatandoshlarni O‘zbekistonga qanday muvaffaqiyatli qaytarganini ko‘rdim. Eng katta muammo, bu — iste’dodlarni mamlakat ichida saqlab qolishdir».

«Bizga IT-mutaxassisligi to‘laqonli ayollar kasbi ham ekanini ko‘rsata oladigan kuchli ayol qahramon va o‘rnak bo‘la oladiganlar kerak. Qizlar uchun ularni texnologiya sohasida o‘qishga va yanada rivojlantirishga ruhlantiradigan maktab va universitet dasturlari hamda grantlar tashkil etilishi muhim ahamiyatga ega».

«Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida Shahlo Xodjayeva bilan to‘liq suhbatni mazkur havola orqali o‘qishingiz mumkin.