O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyining o‘rtalaridan boshlab koronavirusni aniqlash ko‘rsatkichlari o‘sishni boshlagan. Toshkentda COVID-19 poliklinikalari qayta ochildi. Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus bilan bog‘liq ma’lumotlar soni ko‘paydi. 2-sonli Zangiota ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida mamlakatdagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirib berdi.


— Koronavirusning oldingi to‘lqinidan bir necha oy o‘tdi. Kasalxonadagi sokin davrda nima bo‘ldi?

— Oxirgi to‘lqin yanvar oyida bo‘ldi. Aynan o‘sha paytda omikron varianti bizga yetib keldi. Pasayish jiddiy bo‘ldi, epidemiologik pauza boshlandi, lekin har kuni kasalxonamizga 10−15 bemor yotqizildi, har doim kamida 60−100 o‘rin band edi. Kovid hech qayoqqa yo‘q bo‘lib ketmadi. Kasalxonamiz bo‘shab qolmagandi, ishimizni to‘xtatmadik. Ikkita statsionar va ikkita reanimatsiya bo‘limi ishlab turdi.

— Sizdagi bor ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qanday?

— Endi kasallik yana avj olishni boshladi, bu navbatdagi to‘lqin. Biz bir haftadan ko‘proq vaqt davomida kasallanishning ko‘payishini kuzatmoqdamiz.

— Bugungi kunda koronavirusning qaysi varianti ustunlik qilmoqda?

— Sekvensiya (virus genomini tahlil qilish — tahr.) natijalari kasallanganlar orasida “stels-omikron” varianti ustunlik qilayotganligini ko‘rsatdi. Respublikada sekvensiya ishlari faqat Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazida amalga oshiriladi. Bu juda murakkab va qimmat uskuna. Biz namunalarni yuboramiz va ular tahlil qilishadi.

— Namunalarni har xil tibbiyot muassasalari yuborishadimi?

— Ha. Toshkentda faqat bizning shifoxona va “Zangiota-1"da koronavirusga chalingan bemorlar davolanmoqda.

— “Stels-omikron” varianti oldingilaridan nimasi bilan farq qiladi?

— Aslida, bu o‘sha omikron, shunchaki uning boshqa shakli. U tezroq yuqadi, lekin ayni paytda kasallikning klassik “omikron” va “delta"ga qaraganda yengilroq ekanligini ta’kidlash mumkin. Oxirgisi eng qo‘rqinchlisi va eng qiyini edi. Boshqa variantlardagi koronavirusning inkubatsiya davri 10−14 kunni tashkil etardi. “Stels-omikron” variantida kasallikning belgilari tom ma’noda bir yoki ikki kun ichida paydo bo‘ladi.

“Stels-omikron” mavsumiy grippga o‘xshaydi, u o‘pkaga kamroq ta’sir qiladi va ko‘pincha shamollash kabi davom etadi: tomoq og‘rig‘i, bir yoki ikki kun davom etadigan yuqori harorat, bir jihati, bunda o‘pka toza bo‘ladi. Bunaqa kasallanishda, hatto maxsus davolash ham talab qilinmaydi, shunchaki simptomatik davolash yetarli.

Hozir ko‘plab odamlar bizning shifoxonamizga murojaat qilishmoqda, ammo ularning 30 foizigina kasalxonaga yotqiziladigan holatda. Ilgari bemorlarning 70−80 foizini kasalxonaga yotqizganmiz. “Delta” varianti paytida — deyarli 90%. Hozir ko‘pchilik bemorlarni ambulator davolanishga yuboramiz.


Kasallik hali ham keksa, surunkali kasal, emlanmaganlar uchun xavf tug‘diradi. Hozir kasalxonaga yotqizilgan deyarli barcha bemorlar emlanmagan. Ular orasida faqat bir nechta emlanganlar bor, ularning aksariyati uzoq vaqt oldin emlangan va buster dozani olmagan.

— Kasallikning bunday o‘sishini kutganmidingiz?

— Ha, bunday bo‘lishi tabiiy edi, bu uchinchi yoz. Havo harorati ko‘tarilsa, virus tezroq tarqaladi. Bundan tashqari, sovuq mavsumda ommaviy tadbirlar kamroq o‘tkaziladi. Bahor va yozda odamlar jonlanadi: savdo, tadbirlar, to‘ylar o‘tkaziladi. Bu ham omillardan biridir.

— Siz bu o‘sishga tayyorgarlik ko‘rdingizmi?

— Biz har doim tayyor bo‘lganmiz. Bizda doimo dori-darmon, yotoq-koyka, kislorod zaxirasi bor bo‘lgan. Biz doimo jangovar shay holatdamiz.

— Bugungi kunda shifoxonaning bandligi qanday?

— Bugungi kunda 2014 o‘ringa mo‘ljallangan koykalarda 318 nafar bemorimiz bor. Har kuni 50 ga yaqin bemor qabul qilinadi. Hozir davolanish muddati qisqartirildi. Ilgari o‘rtacha og‘irlikdagi bemor o‘rtacha bir hafta davomida davolangan. Hozir taxminan besh kun davolanadi. Bu vaqt ichida odamlar tuzalishadi.


— Nega ikkita faoliyat yuritayotgan kovid kasalxonasini shunchalik kam yuklanish bilan yonma-yon ushlab turish kerak?

— Hech kim oldindan qancha odam kasalxonaga yotib qolishi mumkinligini bila olmaydi. “Delta” bor vaqtda bu ikki shifoxona ham yetarli bo‘lmagan. O‘sha paytda shaharda besh-oltita taqsimlash markazlari ochilib, ular ham to‘lib ketgandi. Bu epidemiologik vaziyatni hech kim bashorat qila olmaydi.

— Kasalxonalardan birini to‘xtatib turish mantiqiymi?

— Hozirgi vaqtda yo‘q. Bundan tashqari, “Zangiota-1” va “Zangiota-2” shifoxonalari bir-birining profilini mutlaqo takrorlamaydi. Ular (“Zangiota-1” — tahr.) bolalar va homilador ayollarni qabul qiladi. Bizda shoshilinch jarrohlik va gemodializ bo‘limlari mavjud.


“Zangiota-2” shifoxonasidagi gemodializ bo‘limi.

Pandemiya bo‘lmagan sokin hayotda ham yuqumli kasalliklar shifoxonalari doimiy ravishda ishlagan, garchi ular har doim mavsumiy ravishda to‘liq bo‘lishsa ham. Ammo ularning ishini hech kim to‘xtatib turmaydi, chunki epidemiologik xavfni oldindan bilishning imkoni yo‘q. Agar to‘satdan kasallik avj olsa, hech kim hech narsa qilishga ulgurmaydi. Kasalxonamiz ishlayotganligi sababli, biz barcha bo‘limlarni saqlab turmaymiz. Kasallanish kamayganda, bizda faqat to‘rtta bo‘lim ishladi. Kasalxona budjetga katta yuk bermadi, lekin shu bilan birga shay holatda turdi.

— Hozir tibbiyot xodimlarini ishga qaytaryapsizmi?

— Ha. Biz allaqachon beshta bo‘limni ochdik. Agar shunday davom etsa, yana ochishimizga to‘g‘ri keladi.

— O‘tgan yillarga nisbatan og‘ir bemorlar ko‘proqmi?

— Ko‘p emas. “Delta” davrida biz yettita reanimatsiya bo‘limini ochdik, ammo ular baribir yetarli bo‘lmagan. Hozir endi ozgina yengliroq. Ko‘pchilikda virus yengil kechmoqda, odamlar virus yuqtirganini bilmagan holda oyoqda kasallikdan tuzaladi. Ammo biz bu infeksiyaga ko‘nikishimiz kerak. Endi u har doim bizga hamroh bo‘ladi. Ammo yanada yuqumli yoki o‘limga olib keladigan variantning paydo bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Virus ham tirik organizmdir. U immunitetni chetlab o‘tish yo‘llarini topadi va tabiiy tanlanish orqali eng kuchli variant omon qoladi, bu esa boshqalarini siqib chiqaradi. “Vuxan” varianti endi dunyoda yo‘q, u aniqlanmayapti. Hatto “delta"ni ham “omikron” siqib chiqardi.

— Nima uchun odamlarda yengilroq kechadigan variant og‘irroq kechadigan variantdan kuchliroq? “Omikron” yengilroq kechadigan bo‘lsa, nimaga u “delta"ni siqib chiqardi?

— Virusga o‘z egasini o‘ldirish manfaatli emas. Agar odam o‘lsa, virus ham o‘ladi. Virusga tezroq tarqalish, ammo yashash manfaatliroq. Shuning uchun ham ko‘proq yuqumli, lekin kamroq o‘ldiradigan variantlar tarqalmoqda.

— “MSKT"da o‘pkaning shikastlanishi aniqlansa, kasalxonaga yotish kerakmi?

— Albatta.

— Shikastlanishning necha foizida?

— Biz uchun foiz muhim emas, chunki shikastlanish foizi shunchaki jarayon. Rasmda odam o‘pkasining 1−2% shikastlangan bo‘lishi, lekin bir necha soatdan keyin u 20−30% ga aylanib ketishi mumkin. O‘pkalar juda tez shikastlanishi mumkin. “MSKT"da biz hozirgi vaqtdagi shikastlanishni aniqlaymiz.


— “Delta” davrida, kasalxonalar agar shikastlanish darajasi ma’lum bir chegaradan past bo‘lsa, shifoxonaga yotqizmagandi.

— Biz faqatgina zararlanish foiziga qaramaymiz, balki birinchi galda vaziyatni bemorning ahvoliga qarab baholaymiz. Shifokor bemorni tekshirganda, u prognoz qiladi. Xavfli guruh mavjud — bular keksalar, diabet, yurak-qon tomir va onkologik kasalliklar, OIV bilan kasallanganlardir. Agar xavf guruhidagi odam koronavirus bilan kasallangan bo‘lsa, biz hech qanday foizga qaramasdik. Bir qator belgilar va shikastlanish foizi baholanadi. Bizda o‘pkalari 5−10% gacha shikastlangan, ammo shunga qaramay boshqa kasalliklar tufayli ahvoli og‘ir bemorlar bo‘lgan.

Bundan tashqari, shuni hisobga olish kerakki, “delta” paytida biz eng og‘ir ahvolda bo‘lganlarni, ya’ni kislorod ta’minotiga muhtoj bo‘lganlarni olishga harakat qildik. Pik davrda bizda og‘ir kasallar uchun yotoq joy yetmadi. Endi pnevmoniya bo‘lsa, albatta kasalxonaga yotqizamiz.

— Qanday holatda odam kasalxonaga borishi yoki tez yordam chaqirishi kerak?

— Har bir tez tibbiy yordam brigadasi ekspress-testlariga ega. Agar kovid aniqlansa, bemorlarni bizga olib kelishadi. Biz uchun muhim bo‘lgan alomatlar to‘plami mavjud. Eng muhimi — nafas qisilishi. Insonning o‘zi unga havo yetmayotganligini his qiladi. Buning o‘zi shikastlanish belgisidir. Yana bir alomat — bu past saturatsiya. Endi hammada pulsoksimetrlar bor — bu arzon narsa, u har bir dorixonada sotiladi.

Umuman olganda, odamlar o‘zlari borish kerak deb hisoblagan paytda bizga kelishadi. Bugungi kunda shifoxonadagi asosiy yuklama kasalxonaga yotqizish bilan bog‘liq emas. Asosiy yuklamani murojaatlar tashkil etmoqda. Ilgari “Zangiota"ni vabo kulbasidek chetlab o‘tishgan bo‘lsa, endi shifokorlar ambulator bemorlarga xizmat ko‘rsatishga ulgurolmayabdi.

Shunday vaziyat yuzaga keldiki, shamollashning eng kichik alomatlarida odamlar butun oilasi bilan bu yerga tekshiruvdan o‘tish uchun kelishadi. Bu jiddiy xavflarni keltirib chiqaradi. Murojaat qiluvchilarning taxminan 30 foizida kovid umuman aniqlanmagan. Ammo qabulxonada ko‘p odam bo‘lib turib, ular albatta virus yuqtirishadi, chunki tashrif buyuruvchilarning ba’zilari aniq kovid bilan kasallangan. Virusning bunday konsentratsiyasida niqob vaziyatdan qutqarmaydi.


Kecha bizga 200 ga yaqin murojaat bo‘ldi. Biz faqat 53 kishini kasalxonaga yotqizdik. Ya’ni, 150 kishi shunchaki kelib test topshirishdi, shifokorlardan tavsiyalar olishdi. Ammo 150 kishining hammasida ham test ijobiy natija bermadi.

Bu biz uchun katta muammo. Bizda umuman ambulator bemorlar bo‘lmasligi kerak. Buning uchun Toshkent shahrining barcha tumanlarida kechayu-kunduz ishlaydigan maxsus poliklinikalar tashkil etilgan. Xohlagan odam o‘sha yerga borishi, PZR testini topshirishi mumkin. U yerda shifokorlar vaziyatni baholab, tavsiyalar yozib berishadi. Poliklinikalar bemorlarning ahvolini kuzatib borishadi va ularga qo‘ng‘iroqlar qilishadi. Agar ehtiyoj bo‘lsa, “Zangiota"ga murojaat qilishni tavsiya etishadi.

— “Stels-omikron” variantini davolashda yangi uslublar bormi?

— Deyarli yangilik yo‘q. Shunchaki davolash osonlashdi. Agar ilgari biz samarali, ammo toksik dori bo‘lgan “Remdesivir"ni ko‘proq ishlatgan bo‘lsak, endi biz uni kamroq, faqatgina kasallik og‘ir bo‘lgan hollarda qo‘llaymiz. Asosan, biz yengilroq terapiya bilan davolamoqdamiz.

— Ambulator davolanish bo‘yicha tavsiyalar bera olasizmi?

— Shuni yodda tutish kerakki, odamda yo‘ldosh kasalliklar bo‘lishi mumkin. Bunday ssenariyda davolanish individual ravishda tanlanishi kerak, chunki surunkali kasalliklar kovid bilan kuchayadi.

Ammo kovidning o‘zini alohida olsak, bizda kovid-boks bor. Davlat uni bepul beradi. Shuningdek, biz kasalxonaga yotqizilmagan bemorlarga kovid-boks beramiz. Bolalar va kattalarga mo‘ljallangan dorilar mavjud. Dorilar yengil shaklni davolash uchun yetarli bo‘lib unga askorbin kislotasi, paratsetamol, sink, gidroksixloroxin kiradi.

— Hozirgi paytda niqob va karantin cheklovlarini joriy qilish mantiqiymi?

— Bu mutlaqo foydasiz. Birinchidan, hamma allaqachon niqob rejimidan charchagan, unga hech kim amal qilmaydi. Ammo odamlar ko‘p bo‘lgan yopiq joylarda niqob kiyish mantiqan to‘g‘ri — bunday joyda zararlanish xavfi juda yuqori. Ochiq havoda niqob kerak emas. Ammo odamlar gavjum joylarda niqob kiyishi tavsiya etiladi.

Qattiq cheklovlarga kelsak, ular virus tarqalishini to‘xtata olmaydi. Bu nafaqat havo-tomchi, balki aerozol infeksiya bo‘lib, virus havoda osilib turadi. Hech bir odam kechayu-kunduz niqob taqib yura olmaydi, shu sababdan bu bilan virus tarqalishini to‘xtatib bo‘lmaydi.

Hatto Xitoy ham qattiq cheklovlar kutilgandek samara bermaganini tushuna boshladi. Yaqinda kasallikning avj olish holatlari aholining kollektiv immunitetga ega emasligini ko‘rsatdi. Ular faqat emlashga ishonishgan, ammo kollektiv immunitet ham kerak. Xitoyda kam odam kasal bo‘ldi, chunki ularning hammasi uyda o‘tirishgan edi, shuning uchun hammasi toza bo‘lgan.

Biroq, emlash kasallikning og‘ir kechishidan himoya qilishning eng samarali usuli bo‘lib qolmoqda.

— Emlashni tavsiya qilasizmi?

— Albatta. Va revaksinatsiya qilishni ham, chunki emlash vaqtinchalik ta’sir ko‘rsatadi. Insonning virusga qarshi immuniteti asta-sekin pasayib boradi, shuning uchun emlash gripp va pnevmoniya kabi mavsumiy bo‘lishi kerak.

Avval emlangan vaksina bilan emas, balki boshqasi bilan emlanish yaxshiroq samara beradi degan fikrlar bor. Bu isbotlanmagan, ammo shunday fikr mavjud, chunki vaksinalarning ta’sir qilish mexanizmi biroz boshqacha, boshqa tur immunitetga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi.

Kasalxonamizda biz emlamaymiz, chunki biz davolaymiz. Agar biror kishi kasal bo‘lsa, emlashdan foyda yo‘q. Sog‘lom odamni emlash kerak, chunki to‘liq immunitet emlashdan keyin o‘rtacha bir oy o‘tgach rivojlanadi.

— Fuqarolarga kasal bo‘lmaslik uchun yana qanday tavsiyalar bera olasiz?

— Yopiq gavjum joylarda niqob taqing va sog‘lom turmush tarziga amal qiling, chunki har qanday infeksiya har doim zaiflashgan odamga yaxshiroq yopishadi.

Koronavirusga qarshi emlash va kasallikdan tiklanish haqida “Gazeta.uz"ning foydali materiallari

Pnevmoniyadan keyin o‘pkani qanday qilib to‘g‘ri tiklash kerak. Ftiziatr tavsiyalari.

Virusolog, PhD Dildora Sekler bilan emlash haqida suhbat.

Koronavirusga qarshi vaksinalar qanday ishlaydi? Antitanachalar va ular bo‘yicha testlar qanday bo‘ladi? Nega ushbu tahlillarni topshirishning foydasi yo‘q? Dildora Sekler bilan suhbat.

Agar tana kasal bo‘lganligini “eslab qolsa” kasallikdan keyin emlash mantiqiymi? Biotexnolog, biologiya fanlari doktori Alisher Abdullayev bilan suhbat.

Vaksinalar inson DNKsiga ta’sir qiladimi? Alisher Abdullayev bilan suhbat.