Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyun kuni «Dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, aholi o‘rtasida dzyudoning ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, O‘zbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishini ta’minlash maqsadida dzyudoni O‘zbekistonda rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

Ular quyidagilardan iborat:

  • dzyudoni aholi o‘rtasida ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • maktabgacha yoshdagi bolalarda dzyudoga qiziqish uyg‘otish va jang san’atining ushbu turi bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalarni shakllantirish;
  • dzyudo bo‘yicha professional trenerlar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish;
  • dzyudo infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablarga moslashtirish, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dzyudo zallari sonini ko‘paytirish;
  • Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarining jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari dasturiga dzyudoni bosqichma-bosqich kiritish, ular tizimidagi ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalari uchun ushbu sport turi bo‘yicha fakultativ mashg‘ulotlar va to‘garaklar tashkil qilish;
  • ayollar o‘rtasida dzyudoni rivojlantirish, bu borada uzoq yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • ommaviy axborot vositalarida sog‘lom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi sifatida dzyudoni targ‘ib qilish hamda bu jarayonda axborotlashtirish va multimedia mahsulotlaridan foydalanishni ta’minlash.

Dzyudo bo‘yicha musobaqalar

Qarorda qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2023 yil 1 yanvardan boshlab an’anaviy tarzda dzyudo sport turi bo‘yicha ikkita xalqaro va uchta respublika darajasidagi turnir o‘tkaziladi.

Ular quyidagilardan iborat:

  • kattalar o‘rtasida «Katta dubulg‘a» xalqaro turniri;
  • Osiyo chempionati g‘olibi va Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlangan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida xalqaro turnir;
  • umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida «Xalq ta’limi vaziri kubogi»;
  • o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalari o‘rtasida «Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri kubogi»;
  • Qurolli Kuchlar tizimida «Mudofaa vaziri kubogi»;
  • 2024−2025 yillarda harbiylar o‘rtasida Jahon chempionati.

Xalqaro turnirlarda mahalliy dzyudochilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega bo‘lgan kuchli xalqaro dzyudochilar, trenerlar va hakamlar ishtirok etadi.

Toshkent shahri 2022 yil oktabr oyida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.

Ushbu jahon chempionatini o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar homiylar mablag‘lari (titul homiylik, reklama, axborot hamkorligi hamda televizion translyatsiya media huquqlaridan tushadigan), shuningdek, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Bunda, olinadigan foyda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tasarrufida qoldiriladi hamda dzyudoni yanada rivojlantirishga, jumladan, dzyudo maktablarini qurish va jihozlash hamda federatsiya faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Dzyudo bo‘yicha ta’lim

Hujjat bilan, 2023 yil 1 yanvardan Surxondaryo hamda Xorazm viloyatidagi olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari negizida Sportni rivojlantirish vazirligi tizimiga kiruvchi Denov hamda Urganch dzyudo maktablari tashkil etiladi.

Belgilanishicha, mazkur dzyudo maktablari faoliyati dzyudo bo‘yicha qobiliyatli va iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish hamda ularni asosan milliy terma jamoalarga tayyorlashga yo‘naltiriladi. Dzyudo maktablariga 5-sinfdan o‘qishga qabul qilinadi hamda ta’lim olish muddati yetti yil etib belgilanadi.

Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda dzyudo maktablari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilishi belgilandi.

O‘zbekistonda 2023 yil 1 yanvardan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dzyudo sport turini rivojlantirish bo‘yicha «Bolalar uchun dzyudo» dasturi hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida «Maktabgacha dzyudo» loyihasi joriy etiladi.

2022/2023 o‘quv yilidan O‘zbekiston Milliy universitetida «Dzyudo va sport faoliyati» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ochiladi. Shuningdek, Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida O‘zbekiston dzyudo akademiyasini tashkil этилади.

Hujjat bilan O‘zbekiston dzyudo akademiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • dzyudo, shu jumladan, paradzyudo bo‘yicha sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish;
  • dzyudo, shu jumladan, paradzyudo bo‘yicha professional, yuqori malakali sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni xalqaro talablar asosida tayyorlashga ko‘maklashish;
  • dzyudo, shu jumladan, paradzyudo bo‘yicha o‘quv dasturlar va metodologiyani yangilash, yoshlarning tayyorgarlik jarayoniga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
  • mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar, trening, master-klasslar, o‘quv mashg‘ulotlar tashkil etish.

Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda dzyudo maktablari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarorini qabul qilish vazifasi yuklatildi.

Hujjat bilan Toshkent shahrida O‘zbekiston dzyudo akademiyasi uchun Yaponiyaning «Kodokan» ko‘p funksiyali, zamonaviy va universal dzyudo markazi namunasi bo‘yicha Xalqaro dzyudo federatsiyasi talablariga javob beradigan, sport asbob-uskunalari bilan jihozlangan bino va inshootlar (sport zali, o‘quv binosi, oshxona va yordamchi binolar) qurib, foydalanishga topshirish belgilandi.

Shuningdek, Bo‘stonliq tumani, Oqtosh qishlog‘i hududida dzyudo bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun Xalqaro dzyudo federatsiyasi standartlariga javob beradigan 50 o‘rinli yotoqxona va oshxona, trenajyor zali, tibbiy punkt va zamonaviy sport anjomlari bilan to‘liq jihozlangan o‘quv-mashg‘ulot bazasini barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 20 iyun kuni qo‘l jangini rivojlantirish bo‘yicha ham prezident qarori imzolandi. Unga ko‘ra, 2023 yildan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida qo‘l jangi bo‘yicha Xotira turniri, professional sportchilar o‘rtasida prezident va Amir Temur kubogi xalqaro musobaqalari o‘tkaziladi. Bundan tashqari, yangi o‘quv yilidan boshlab maktablarda qo‘l jangi bo‘yicha mahorat darslari o‘tiladi.