DXX tezkor tadbir davomida transchegaraviy jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida xabar berdi.

Unda aytilishicha, Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv shahri Z.M.Bobur mahallasida yashovchi 32 yoshli fuqaroning uyi tekshirilganida, hovlisida eni 1 m kv, chuqurligi 12−12,5 metr va uzunligi 150 metr bo‘lgan, Qirg‘izistonga noqonuniy o‘tish uchun maxsus qazilgan yer osti yo‘li borligi ma’lum bo‘ldi.

Tumanning Birlik mahallasida guruh a’zolaridan yana birining hovlisidan esa eni 1 m kv, chuqurligi 10−12 metr, uzunligi 400−420 metr atrofidagi ikkinchi yer osti yo‘li borligi aniqlandi. Unga qo‘lbola po‘lat izlarda harakatlanuvchi kichik hajmli, elektrodvigatelli aravacha ham o‘rnatilgan.


Ma’lum bo‘lishicha, uyushgan jinoiy guruhda 2 nafar O‘zbekiston va 6 nafar Qirg‘iziston fuqarosi bor. Ularga 1974 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan shaxs yetakchilik qilgan.

«Guruh a’zolari huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushmaslik maqsadida, o‘zaro muloqotda shartli so‘zlashuv usulini qo‘llashgan va Andijondagi „Do‘stlik“ chegara-bojxona postidan deklaratsiya to‘ldirgan holda katta miqdordagi valyuta qimmatliklarini O‘zbekiston hududiga olib kirib, so‘ngra pullarni yer osti yo‘li orqali Qirg‘izistonga qaytarib, olib chiqib ketishgan», — deyiladi xabarda.

Ular to‘ldirilgan deklaratsiyadan Toshkent va Qo‘qon shaharlaridan xorijiy valyutalarni tashishda yo‘llarda kuzatiladigan ehtimoliy tekshiruvlarda foydalanishgan.

Guruh a’zolariga Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tergov harakatlari davomida ularning noqonuniy faoliyatlari ashyoviy dalillar asosida o‘z isbotini topgani aytildi.

25 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudining hukmiga ko‘ra, qonunbuzarlarga nisbatan 6 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, 5 fevral kuni aynan shu mahallada yashovchi boshqa bir fuqaroning uyida ham qo‘shni davlat hududiga olib o‘tuvchi yashirin yer osti yo‘li borligi aniqlandi.

U ham qirg‘izistonlik shaxslar bilan o‘zaro til biriktirib, o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini ajratib turuvchi «Shahrixonsoy» kanali ostidan o‘tuvchi, chuqurligi taxminan 16 metr, uzunligi 70 metr bo‘lgan yer osti yo‘li qazigan. Uni maxsus elektr yoritgich tizimi va kislorod bilan ta’minlovchi uskunalar bilan jihozlagan.

Hozirda mazkur fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi DXX xabarida.

Aniqlanishicha, ushbu uchta yer osti yo‘llaridan katta miqdordagi chet el valyutalari O‘zbekistondan qo‘shni davlatga olib chiqilib, evaziga turli tovar-moddiy boyliklar O‘zbekistonga olib kirilgan.

DXX qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha aprel oyida Qirg‘izistondagi huquq-tartibot idoralari nomiga ham uchta yer osti yo‘llarining Qirg‘izistondagi joylashgan manzillari va ularning tashkilotchilari to‘g‘risida ma’lumot yuborgan. Ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Keyinchalik, may-iyun oylarida qo‘shni davlat vakillari o‘z hududlarida tekshiruv o‘tkazib, ushbu yashirin yer osti yo‘llari faoliyatiga chek qo‘ygan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Qirg‘iziston OAV da e’lon qilingan ma’lumotlarga tayanib, mamlakatni O‘zbekiston bilan bog‘laydigan jami 3 ta tunnel aniqlangani haqida xabar bergandi.