Toshkent davlat agrar universitetining sobiq rektori Botirjon Sulaymonov hibsga olindi. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

U Agrar universitet hozirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi ekanligi, unga qishloq xo‘jaligi vazirining o‘zi rektorlik qilayotganini ta’kidladi.

Abduqodir Toshqulovning so‘zlariga ko‘ra, universitetda juda katta attestatsiya o‘tkazilgan va juda ko‘p o‘qituvchilar ishdan bo‘shatilgan. Sobiq rektor Botir Sulaymonov ishi bo‘yicha esa tergov jarayoni ketmoqda.

«Botir Sulaymonov ishiga kelsak, men Qonunchilik palatasida ham ishlaganman, tergov jarayoni ketayotgan paytda bir narsa aytolmayman. Eng muhimi ehtiyot chorasi sifatida qamoq jazosi qo‘llanilgan. Hozir tergov jarayonlari ketmoqda. Dastlabki tergov natijalari hali e’lon qilingani yo‘q. Balki moliyaviy xatoliklar bo‘lishi mumkin, balki qabul bilan [bog‘liq masala] bo‘lishi mumkin. Lekin ba’zi OTMlarni biz ham tekshirganimizda superkontraktda o‘qishi kerak bo‘lgan bola oddiy kontrakt bilan o‘qish holatlari ham chiqayapti», — deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Daryo.

U shu asnoda tekshiruv boshlangani haqida o‘z qarashiga egaligini aytib, mazkur holatlar bo‘yicha boshqa ta’lim muassasalarida ham tekshiruv o‘tkazilayotganini qo‘shimcha qildi.

«Shuning uchun tergov tugaguncha bir narsa aytolmaymiz. Lekin, xatoliklar bo‘lmaganda rektorga nisbatan bunaqa katta ish bo‘lmas edi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Botirjon Sulaymonov 2020 yilning sentabridan 2021 yilning yanvariga qadar qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. O‘shanda u faqat Agrar universiteti rektori lavozimini o‘zida saqlab qolgandi.

2021 yilning 11 sentabriga kelib, qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayevga Toshkent davlat agrar universiteti rektori vazifasini bajarish yuklangandi. O‘shanda Botirjon Sulaymonov rektorlikdan olingandi.