15 iyun kuni soat soat 03:40 larda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan yo‘lovchi avtobusi Qozog‘istonning Jambil viloyati Jambil tumani «Qizil tan» qishlog‘ida avariyaga uchradi.

O‘zbekiston FVV Qozog‘iston FVVdan olgan dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, avariyaga «Almata-Toshkent» avtomobil yo‘lining 545 kmda trikotaj mahsulotlari ortilgan yuk mashinasining yonishi oqibatida, avtomobil yo‘lida yuzaga kelgan tirbandlik sabab bo‘lgan.

«Almata-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan yuk mashinasi 2 ta yo‘lovchi tashish avtobusi va 1 ta yengil avtomobil bilan to‘qnashuv sodir etgan. To‘qnashuv oqibatida ushbu avtotransport vositalarida yong‘in kelib chiqqan, deyiladi xabarda.

Yong‘in sodir bo‘lgan avtobuslarning birida 31 nafar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan va ulardan 3 nafari o‘rta darajada tan jarohati bilan Taraz shahar tibbiyot maskaniga olib borilgan. Hozirda ushbu fuqarolarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston mas’ullari yuzaga kelgan mazkur baxtsiz hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jarohatlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatishda yaqindan ko‘mak bermoqda. Qolaversa, holat yuzasidan O‘zbekiston FVV Qozog‘iston FVV o‘rtasida ma’lumot almashinuvi davom etmoqda.