15 iyun kuni soat 21:00da Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida O‘zbekiston va Yaponiya olimpiya jamoalari Osiyo kubogi yarim final uchrashuvida final yo‘llanmasi uchun kurashadi.

Seshanba kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekiston olimpiya jamoasini Iroq bilan o‘yinda muxlislarning xatti-harakati uchun jazoladi va uchrashuvni tomoshabinlarsiz o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qildi, 500 nafarga yaqin yaponiyalik ishqibozlarga esa stadionga kirish huquqi berildi.

AFC Asian Cup videosidan kadr

Bundan tashqari, O‘zbekiston olimpiya jamoasining asosiy darvozaboni Abduvohid Ne’matov chorak finaldagi Iroq bilan o‘yinda raqib futbolchisiga tirsagi bilan zarba bergani uchun uch o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Ammo bosh murabbiy Timur Kapadze zaxiradan maydonga tushgan va Iroq jamoasini penaltilar seriyasida mag‘lub etishga yordam bergan Vladimir Nazarovga to‘liq ishonishini aytdi.

«Ne’matovning yo‘qligi — katta yo‘qotish, ammo Nazarov Iroqqa qarshi bahsda yaxshi harakat qildi. Futbolda hamma narsaga tayyor turish kerak. Jamoada barcha bir-birini to‘ldira olishi lozim. Qo‘shimcha bo‘limlar va penaltilarga ham tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bunda ruhiyat asosiy rol o‘ynaydi. Har taraflama shay bo‘lishimiz kerak. O‘ylaymanki, shogirdlarim barchasini uddalashadi», — dedi Kapadze.

Shuningdek, uchrashuvni markaziy himoyachi Alibek Davronov sariq kartochkalari va yarim himoyachi Ibrohim Ibrohimov jarohati sabab o‘tkazib yuboradi. O‘ng qanot himoyachisi Eldor Begimov o‘zini biroz noqulay his qilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, u qaydnomada bo‘ladi va kerak bo‘lsa, zaxiradan o‘yinga qo‘shilishi mumkin.

2018 yilgi U23 Osiyo kubogi chorak finalida ham O‘zbekiston va Yaponiya olimpiya jamoalari to‘qnash kelgan va o‘yin 4:0 hisobida yakunlangan, turnirda O‘zbekiston olimpiya jamoasi Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan edi.

Ammo hozir Yaponiya boshqa darajada, buni chorak finalda amaldagi Osiyo chempioni Janubiy Koreya ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozonganidan ham bilsa bo‘ladi.

«Yarim finalgacha bo‘lgan yo‘limiz oson bo‘lmadi, — dedi Timur Kapadze. — Endi finalga chiqish uchun oldingi o‘yinlardagidan ko‘ra ko‘proq mehnat qilishimiz kerak. Iroqqa qarshi 120 daqiqadan ko‘proq o‘ynadik va Yaponiya bilan bahsdan oldin o‘zimizni tiklab olishimiz, 100% tayyor bo‘lishimiz kerak».

O‘zbekiston olimpiya jamoasining Yaponiya bilan o‘yin oldidan mashg‘uloti. Foto: O‘FA

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya kuchli jamoa, O‘zbekiston esa ularning hujum xavfini yaxshi biladi.

«Har bir jamoaning zaif tomonlari bor, shuning uchun biz undan foydalanishimiz kerak. Taktik rejamizni oshkor qilmayman, lekin biz ruhiy va jismonan tayyorgarlik ko‘rishimiz shart», — dedi bosh murabbiy.

Yaponiya yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Go Oivaning aytishicha, Janubiy Koreya ustidan qozonilgan g‘alabaga qaramay, jamoasi hali hech narsaga erisha olmagan.

«Yarim finalga chiqish — juda baxtli lahza. Lekin hali hech narsaga erishganimiz yo‘q, finalga chiqishimiz uchun O‘zbekiston bilan o‘ynashimiz kerak. Bizni mezbonlarga qarshi juda qiyin o‘yin kutmoqda. Ularda yuqori saviyali jamoa bor va bu bizga muammo tug‘diradi», — dedi murabbiy.

Uning fikricha, O‘zbekiston qarshiligiga qaramay, Yaponiya o‘zining hujumkor o‘yin uslubini saqlab qoladi.

«Oldinga o‘ynash — bu bizning uslubimiz va jamoaviy tushunchamiz. Men jamoani qabul qilganimdan beri bizning yondashuvimiz shu. Shu bois, men va jamoa uchun eng qulay bo‘lgan yondashuv bilan o‘ynashda davom etishimiz muhim. Maqsadlarni belgilashda bizda ishonchsizlik yo‘q. Aslida chempionlikni qo‘lga kiritish har doim bizning ustuvor vazifamiz bo‘lib kelgan va biz bu jamoa oldiga shunday maqsad qo‘yganmiz», — dedi Go Oiva.

Statistika

Yaponiya U23 jamoasi Osiyo kubogi yarim finaligacha to‘rtta o‘yin o‘tkazib, ularning uchtasida g‘alaba qozondi — Birlashgan Arab Amirliklari (1:2), Tojikiston (3:0) va Janubiy Koreya (0:3) va bittasida Saudiya Arabistoni bilan (0:0) durang o‘ynadi. Jamoa musobaqa davomida jami sakkizta gol urib, o‘z darvozasidan faqat bitta gol o‘tkazib yubordi.

O‘zbekiston U23 jamoasi esa Osiyo kubogi yarim finaligacha uchta g‘alaba va bitta durangga erishdi. Guruh bosqichida o‘zbekistonliklar Qatar (6:0) va Turkmanistonni (1:0) mag‘lub etgan bo‘lsa, chorak finalda Iroq olimpiya jamoasi penaltilar seriyasida taslim etildi. Guruh bosqichining 3-turida esa Eron bilan (1:1) durang o‘ynaldi. Jamoa o‘z darvozasidan 3 ta gol o‘tkazib yubordi va 10 ta gol urdi.

O‘zbekiston va Yaponiya olimpiya jamoalari bungacha ikki marta to‘qnash kelishgan. Va ularning birinchisida, 2018 yilgi Osiyo kubogi chorak finalida o‘zbekistonliklar 4:0 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, o‘sha yili o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida durang (2:2) qayd etilgan.

Osiyo kubogida O‘zbekiston olimpiya jamoasining eng yaxshi to‘purarlari — yarim himoyachi Jasur Jaloliddinov va Ulug‘bek Hoshimov (ikkitadan gol) hisoblanadi. Yaponiya olimpiya jamoasi tarkibida esa turnirda eng ko‘p golni yarim himoyachi Yuito Suzuki (3) va hujumchi Mao Xosoya (2) urgan.

Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiya U23 jamoasi so‘nggi 9 o‘yinda o‘rtacha 2,56 ochko jamg‘argan bo‘lsa, O‘zbekiston olimpiyachilari so‘nggi 10 o‘yinda o‘rtacha 2,1 ochko jamg‘argan.

Yaponiya qanday o‘ynaydi?

Jurnalist Nikolay Yegorichev o‘zining Telegram-kanalida Yaponiya jamoasining o‘yin uslubi haqida yozdi. InStat ma’lumotlariga ko‘ra, yaponiyaliklar raqiblarining xG ko‘rsatkichi (ehtimoliy gollar) atigi 1,78ni tashkil qildi. «Soddaroq qilib tushuntiradigan bo‘lsak, yaponlarning raqiblari deyarli vaziyat yaratmagan. Faqatgina umuman gol o‘tkazmay, yarim finalga chiqqan Saudiya Arabistoni ulardan yaxshi ko‘rsatkich (1,1) qayd etgan», — deb yozadi u.

Yaponiya olimpiya jamoasi havodagi yutilgan kurashlar (56%) va himoyalanishda ustun kelgan epizodlar soni (58%) bo‘yicha turnirning eng yaxshi jamoalari qatoriga kiradi. Bu raqamlarda — Anri Chasening hissasi katta. Himoyachi yaqinda 18 yoshga to‘lganiga qaramay, allaqachon aqlli o‘yin namoyish etmoqda.

«Umuman olganda, yaponlar „vertikal futbol“ o‘ynaydi, ya’ni raqib jarima maydoniga to‘pni imkon qadar tez olib borishga harakat qilishadi. Ammo bu bor kuchi bilan to‘pni oldinga tepib yuboradi, degani ems. Bo‘sh zona izlash borasida Yaponiya olimpiyachilariga teng keladigani yo‘q desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Yaponlar raqib himoyasini maydon markaziga yaqin hududgacha chiqishga majbur qilishadi. Bundan keyin bo‘sh zonaga „ochilish“ va o‘sha futbolchiga keskinlashtiruvchi uzatma amalga oshiriladi. Yaponiyaliklar to‘pni bekorga va shunchaki olib yuradigan jamoalardan emas», — deya qayd etadi jurnalist.

Osiyo Kubogi U23 musobaqasida yaponiyaliklar 1459ta uzatma berishgan, bu o‘rtacha ko‘rsatkich. Bu borada Avstraliya (1984), Janubiy Koreya (1899) va O‘zbekiston (1885) yetakchi sanaladi.

«Yaponiyaga qarshi «yuqori pressing»da o‘ynashning deyarli iloji yo‘q. O‘zbekiston olimpiyachilari himoyachilari juda yuqoriga o‘tib ketmasliklari zarur. Aks holda, yaponlar bo‘sh zonaga ega bo‘lib, tezkor qarshi hujumga o‘tishlari ehtimoldan holi emas», — deya ogohlantiradi u.

Yaponlarning hujum guruhi o‘yinchilari juda tezkor. Shu bilan birga, ular kamdan-kam hollarda aldamchi harakatlar amalga oshiradilar — bor yo‘g‘i 66 urinish (54%i muvaffaqiyatli) — bu turnirdagi barcha jamoalar orasida eng yomon ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

«Yaponiya jamoasi paslar va jamoaviy o‘zaro harakatlar bilan to‘pni o‘yinga kiritishga urinishadi. Yaponlar deyarli havodan pas bermay, kombinatsiyani yerdan amalga oshirishadi. Yaponiya olimpiyachilari maydonning raqib tomonidagi uchdan biriga 123 marta yetib borgan. O‘zbekiston terma jamoasida esa bu ko‘rsatkich — 199 tani tashkil etadi. Raqib jarima maydonchasiga yorib kirish yaponlarda — 40ta. O‘zbekistonda bunaqasi 68 marta yuz bergan. Shuning uchun, xG ko‘rsatkichi past (ehtimoliy gollar) — 3,08. Shu bilan birga, yaponlar turnirda 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘lishdi! Bu o‘zaro o‘yinda ham muhim rol o‘ynaydi», — dedi Nikolay Yegorыchev

Ma’lumot uchun, ikkinchi yarim finalda Avstraliya U23 va Saudiya Arabistoni U23 jamoalari o‘zaro bellashadi. O‘yin 15 iyun kuni soat 18:00 da «Paxtakor» markaziy stadionida boshlanadi.