4−12 iyun kunlari Fransiyaning Shatoru shahrida para o‘q otish bo‘yicha Jahon kubogi o‘tkazildi. Unda o‘zbekistonlik sportchi sovrindorlar qatoridan joy olish bilan birga Parij-2024 uchun litsenziyani qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy paralimpiya qo‘mitasi xabar berdi.

O‘zbekistonlik para o‘q otuvchi Server Ibragimov erkaklar o‘rtasida 50 metrga to‘pponchadan otish bo‘yicha bahslarda 200.7 ochko jamg‘argan holda bronza medaliga, 10 metrga pnevmatik to‘pponchadan otish bo‘yicha bahslarda esa 217.1 ochko jamg‘arib kumush medalga sazovor bo‘ldi.

«Server Ibragimov ushbu natijasi bilan O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga 2 ta medalni yozdirib qo‘yish bilan bir qatorda, 2024 yil Parijda bo‘ladigan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyani ham qo‘lga kiritdi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Ibragimov Parij-2024ga litsenziya qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik sportchiga aylandi.

Ma’lumot uchun, Server Ibragimov para o‘q otish bo‘yicha bir necha bor Jahon va Osiyo chempionatlari sovrindori hamda Rio-2016 yozgi Paralimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi hisoblanadi.