O‘zbekistonlik Olimpiada chempioni, og‘ir vazn toifasida (+90,7 kg) harakat qilib kelayotgan Bahodir Jalolov (10−0, 10KO) AQShning Nyu-York shahridagi arenada belgiyalik bokschi Jek Mulovaiga (11−2-1, 7KO) qarshi ringga ko‘tarilib, uni muddatidan avval mag‘lub etdi.


Jalolov jangning dastlabki daqiqalaridan ustunlikka erishdi. Uning ketma-ket zarbalaridan so‘ng Jek Mulovai 6-raundga kelib, nokdaunga uchradi va hakamga jangni davom ettira olishini bildirdi. 8 raundlik bahsning oxirgi raundida belgiyalik bokschi Bahodir Jalolovning chap qo‘l bilan yo‘llagan zarbasidan so‘ng nokautga uchradi.

Shu tariqa o‘zbekistonlik bokschi o‘zining professional boksdagi 11-jangida ham g‘alabali seriyasini davom ettirdi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov so‘nggi jangini Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tgan Probellum Dubai boks kechasida polshalik Kamil Sokolovskiga qarshi o‘tkazgan edi. 8 raunddan iborat jangda Jalolov 5-raundda raqibini chap qo‘lda yo‘llagan zarbasi evaziga ringga qulatib, texnik nokaut bilan g‘alaba qozongan edi.