O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalariga mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil ish stajiga ega xotin qizlar davlat OTMlariga o‘qishga qabul qilinadi. Yiliga 500 ta kvota ajratiladi. Bu hukumatning 9 iyundagi [322-sonli] qarorida tasdiqlandi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Hujjatga muvofiq, ariza topshiruvchi ayol-qizlar oliy ma’lumotga ega bo‘lmasligi kerak va ular faqat to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olishga qabul qilinadi. O‘qishga qabul qilish oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi.

Tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:

  • o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;
  • ️tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
  • ️o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi.

Qarorga ko‘ra, tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinishi uchun amal qiladi. Shuningdek, tavsiyanoma olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga har yili 1 maydan 1 iyungacha ariza bilan murojaat qiladi.

Hujjatda qayd etilishicha, ariza va hujjatlar 7 iyungacha ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, ishchi guruh xulosasi 10 iyungacha qo‘mitaga taqdim qilinadi. Hujjatlar qo‘mita tomonidan 14 iyungacha ko‘rib chiqilib, tavsiyanoma berish yoki uni rad etish to‘g‘risida buyruq chiqariladi. Oxirgi bosqichda esa ishchi guruh 15 iyungacha tavsiyanoma talabgorlarga yetkazilishini ta’minlaydi.

Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat OTMning bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o‘tkaziladi.

Kirish imtihonlari yakuniga ko‘ra talabalikka tavsiya etilmagan, biroq to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ballni to‘plagan tavsiyanomaga ega xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi.

Aniqlik kiritish lozim, bu qaror maktabni tugatib o‘rta ma’lumot bilan ishlayotganlarga emas, balki kollej yoki texnikumni tugatganlar uchun amal qiladi.