O‘zbekistonda shu vaqtgacha 292,6 ming gektar maydonda chigirtkalar tarqalgani aniqlandi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Sabina Sadinova ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, aslida Markaziy Osiyo iqlim jihatidan azaldan chigirtkalarning makoni bo‘lgan. O‘zbekistonda 200 dan ortiq chigirtka turi mavjud bo‘lib, ushbu hasharotlar to‘da hosil qiluvchi va to‘da hosil qilmaydigan turlarga bo‘linadi.

Respublikada har yili 6−8 turdagi to‘da hosil qiluvchi zararli chigirtkalarga qarshi kompleks kurash chora-tadbirlari olib boriladi. Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Qoraqolpog‘iston Respublikasida zararli chigirtkalar ko‘p tarqalgan va bu hududlarda kimyoviy kurash ishlari davom etmoqda.

«Bugungi kungacha mamlakat hududida 292,6 ming gektar maydonda chigirtkalar tarqalganligi aniqlangan. 284,0 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazilgan. Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Navoiy, Sirdaryo, Buxoro, Andijon, Xorazm, Namangan, Farg‘ona viloyatlari hududida kimyoviy ishlovlar o‘tkazildi», — deyiladi xabarda.

Sabina Sadinovaning so‘zlariga ko‘ra, eng katta ishlov berilgan maydonlar hududi Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax viloyatlari hamda Qoraqolpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, agentlik zararli chigirtkalarning qo‘shni respublikalardan uchib o‘tish xavfi ham mavjudligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning Aksiy tumanida ekin maydonlarda Marokko chigirtkasi keskin ko‘payib ketayotgani xabar qilingandi. «Gazeta.uz» bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasiga ham xavf tug‘dirishi mumkinligi haqida yozgandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu vaziyat nazoratga olingani va tegishli choralar ko‘rilganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, joriy yilda qo‘shni davlatlardan 50−60 ming gektarga chigirtkalar uchib o‘tish xavfi bor, shu bois Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzaxda kimyoviy ishlov ishlari olib borilmoqda.