Ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha obyektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Unda davlat rahbari muqobil energiyadan foydalanish umummilliy ahamiyatga egaligini qayd etdi va muqobil energiya uskunasini o‘rnatgan aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishini ta’kidladi.

Bunda, aholi va tadbirkorlarga:

  • o‘rnatilgan quyosh va shamol elektr uskunalari uchun quvvatiga qarab 15 million so‘mgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi;
  • yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Ushbu tizim Energetika vazirligining maxsus jamg‘armasi orqali joriy etilishi belgilandi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda ta’kidlanishicha, muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish istagida bo‘lgan aholi va tadbirkorlar bu imkoniyatlardan foydalanishi uchun biron-bir idoraga borishga majbur bo‘lmaydi. Barcha hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning o‘zida hal bo‘ladi.

Buning uchun:

  • jamg‘arma mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda hududlardagi sotuvchilar bilan hamkorlik shartnomalarini tuzadi;
  • ishlab chiqaruvchilarning aholi va tadbirkorlarga uskunalarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga berish xarajatlari jamg‘arma tomonidan qoplab beriladi;
  • jamg‘armaga 100 mlrd so‘m ajratiladi, ishlatishiga qarab yil yakuniga qadar yana 100 mlrd so‘m beriladi;
  • jamg‘armaning elektron portali ishga tushirilib, barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi.

Mutasaddilarga tizimni 1 sentabrdan amaliyotga joriy qilish topshirildi.

Viloyat hokimlari oldiga joriy yilda “daftarlar"ga kirgan kamida 5 mingta oilani, kelgusi yilda yana 10 mingtasini suv isitish qurilmasi bilan ta’minlash choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.