O‘zbekistonning barcha hududida qurilishlar sabab havoning mayda zarrachalar bilan zararlanishi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Bu haqda O‘zgidromet bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Ibratjon Karimov seshanba kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Biz Toshkentda yashaganligimiz uchun ko‘proq Toshkent muammosi haqida gapiramiz. Aslida barcha hududlarda ham atmosfera havosining mayda zarrachalar, changlar bilan ifloslanishi biz uchun muammo. 5−10 yildan keyin qurilishlar to‘xtaydi, amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari natijasida atmosfera havoyimiz yaxshi bo‘ladi deya olaman. Lekin [O‘zgidromet] xizmatimiz nuqtai nazaridan xattoki ob-havo ma’lumotlarini ham 6 kunga prognoz qilamiz. Yillar davomida prognoz qila olmaymiz”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har yili ekilayotgan ko‘chatlar o‘sib, katta bo‘ladi va shaharlar havosi yaxshilanadi.

Ibratjon Karimov. Foto: AOKA.

“Tendensiya shuni ko‘rsatadiki, qurilishlar baribir bir kun to‘xtaydi. Shu nuqtai nazarda 5−10 yildan keyin so‘rasangiz, men ham inson, ham mutaxassis sifatida aytaman, shahar havosi yaxshi bo‘ladi. O‘zgidromet rahbari o‘rinbosari sifatida aytaman, ob-havoni 6 kunlik prognoz qilsak, changni esa prognoz qilishning iloji yo‘q. Yaxshi bo‘lishiga umid qilamiz”, — dedi O‘zgidromet vakili.

Atrof-muhitning tabiiy ifloslanishi monitoringi va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha vakolatlari organ vakili sifatida Ibratjon Karimov O‘zbekistonda standart mavjud emasligini qayd etdi. Shu bois alohida hujjat loyihasi ishlab chiqilgani aytildi.

“Shu standart, ya’ni meyorni o‘rnatganimizdan keyin biz uchun [hammasi] oydinlashadi. Chunki PM2,5 bo‘yicha standartimiz umuman yo‘q. PM10 ya’ni, undan yuqoriroq zarrachalar bo‘yicha standartimiz 500. Jahon standartlari esa 20, lekin ular o‘zlarining mo‘tadil iqlimlari uchun ishlab chiqilgan. Yevropada deyarli chang yo‘q. Mana shu yerda bizda tafovut bor”, — dedi u.

Bu tafovutni loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar bilan bartaraf etish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 24 avgustida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayeva Toshkentda yashil hududlar ulushi 26,4 foizni tashkil etib, poytaxtda yashovchi har bir odamga 36 kv. metrdan yashil maydon to‘g‘ri kelmoqda, deya ma’lum qilgandi. 2018 yilda ushbu ko‘rsatkich 60 kv. m ekani aytilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichni London darajasiga olib chiqish uchun qariyb 1,5 mln tup “sifatli daraxtlar” ekilishi kerak.