17 may kuni Rossiya fuqarosi Polina Yermakova O‘zbekistonga dron olib kirib bo‘lganidan keyin hibsga olindi. Bu haqda turist o‘zining Instagram`dagi sahifasida ma’lum qildi.

Polina «Gazeta.uz» bilan suhbatda aprel oyida Qirg‘izistonda sayohat qilib, keyin O‘zbekistonga tashrif buyurishga qaror qilgan. 15 may kuni u mamlakatlar o‘rtasidagi chegaradan o‘tgan.

«Chegara juda qiziq holat sodir bo‘ldi. Chegaradan o‘tayotganimda men pasportimni berdim, mamlakatga kirganlik to‘g‘risida muhrni bosib berishdi. Shundan so‘ng, siz metal izlovchi uskunadan o‘tasiz, u yerda sizni sumkangiz tekshiriladi va unda nima olib o‘tayotgan bo‘lsangiz hammasi yaqqol ko‘rinadi. Chegarachi mendan „senda dron bormi?“ deb so‘radi. Men bo‘lsam: „Ha dron. Ketsam bo‘ladimi?“, dedim. U esa ketish mumkinligini aytdi», — dedi u.

Polina Yermakova O‘zbekistonga kirishdan oldin dron olib kirish qoidalarini ko‘rib chiqishi kerakligini tan oldi, biroq, uni «chegarachilarning harakati juda ham hayron qoldirdi».

«[Chegarachi] dronni ko‘rdi. Dron hech qayerga yashirilmagandi, sumkani ichida yotgandi. Menga muammolar nimaga O‘zbekiston chegarasida emas, balki Toshkentning o‘zida boshlangani juda qiziq. 17 may kuni Toshkentdan Buxoroga poyezdda bormoqchi edik. Poyezd kechasi ketardi, vokzalga taxminan 21:30 da keldim. Meni transport militsiyasi xodimlari to‘xtatishdi. Men shuningdek, metal izlovchi qurilmadan ham o‘tdim, u yerda sumkaning ichi ko‘rinib turgandi. Shundan so‘ng, militsiya bo‘limiga kuzatib borishdi va u yerda hammasi boshlandi», — deb so‘zlab berdi u.

Sayyohning so‘zlariga ko‘ra, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244−4-moddasi (Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Mazkur moddada huquqbuzar 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.

Polina Yermakovaning ma’lum qilishicha, sud mazkur jinoyat ishini 3 iyun kuni ko‘rib chiqqan va uning foydasiga hal qilgan. «Sud yakuniga yetdi, meni oqlashdi. Biroq, dronni qaytarib berishmadi… [Sud] qarorini olishim bilan ketmoqchiman», — dedi u.


Qolaversa, Rossiya fuqarosi tergov vaqtida dronni olib qo‘yish haqida dalolatnoma tuzilayotganda unga hujjatlarning nusxalari berilmaganini eslab o‘tdi.

«Afsuski menga hech nima taqdim etishmadi. Men bilan formali kishi o‘tirgandi. U meni pasportimni suratga oldi va uni qo‘lma-qo‘l qilib yubordi. Men 2014 yilda borgan Misrning muhrini topib oldi. Yana qayerdandir men bormagan bo‘lsamda, Isroilning muhrini topdi. U menga terroristsan, narkomansan deb, uzoq [qamoqda] o‘tishimni aytdi», — dedi u.

Polina Yermakova ushbu xodimning ism, familiyasini bilishga harakat qilgan, biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, surishtiruv vaqtida tergovchi «o‘zinikilarni sotmasligini» aytgan.

Sayyoh Toshkentdagi Rossiya elchixonasidan yordam olmaganini ham qo‘shimcha qildi.

«Afsuski, Rossiya elchixonasi o‘zini, ehtimol, professional jihatdan ko‘rsatmadi. Balki, men ulardan ko‘proq narsa kutgandirman. Biz o‘sha kuni kechasiyoq elchixonaga qo‘ng‘iroq qildik va «vaqt — kech bo‘lib qolgani, ish kuni tugagani, chorshanba kuni qo‘ng‘iroq qilish mumkin"ligini aytishdi. Chorshanba kuni erta tongdan qo‘ng‘iroq qildim. Mendan xat yozishni so‘rashdi. Men uni ham yozib berdim. Ular menga juma kuni qo‘ng‘iroq qilishdi. U yerda menga befarqroq kishi hech qanday ta’sir o‘tkazish chorasi yo‘qligi, o‘zim mustaqil hal qilishim kerakligini aytib, advokat qidirish uchun saytga yo‘naltirdi», — dedi u.

Krasnoyarskdagi Rossiya nashri mazkur holat bo‘yicha materialni e’lon qilib, Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasidan ham izoh olgandi. U yerda esa Polina Yermakovaning hikoyasini tasdiqlab, bu birinchi bunday holat emasligini ta’kidlashgandi.

«Ha bizni ushbu voqeadan xabarimiz bor, u bilan aloqadamiz. Bundan tashqari, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga bu ishni tezda tartiblashtirish va chegarachilar harakatlarining nomuvofiqligini tushuntirish iltimosi bilan nota jo‘natdik. Hech kim uni qonunni buzgani bilan bahslashmaydi», — degandi elchixona vakili.

Polina Yermakova 59 ta davlatda, shu jumladan, AQSh, Janubiy Amerika, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqalarda bo‘lgani va biror marta dron cheklanishga oid muammo bilan yuzlashmaganini qayd etdi. Uning aytishicha, mazkur davlatlarda drondan foydalanish bo‘yicha aniq norma mavjud.

Yuqoridagi holat bo‘yicha «Gazeta.uz» IIVdan izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Shuningdek, tahririyat Davlat bojxona qo‘mitasiga ham so‘rov yubordi.

Eslatib o‘tamiz, shu kabi vaziyat 4 fevral kuni rossiyalik bloger Maksim Limar bilan ham yuz bergandi. U Buxorodan Novosibirskka uchib ketayotganida yukidagi kvadrokopter topilgani sababli qo‘lga olingandi. Oxir-oqibat uni ham ozod qilishgandi.

O‘zbekistonda dron bilan bog‘liq vaziyat

O‘zbekistonda 2015 yil 1 yanvardan boshlab uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirish, sotish va ulardan foydalanish to‘liq taqiqlangan. Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida nazarda tutilgan holatlargina bundan mustasno. Dronlardan foydalanishga ruxsatni faqat davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari idoraga doir vazifalarni bajarish uchun olishlari mumkin.

2018 yilning yozida O‘zbekistondagi madaniy-tarixiy yodgorliklar, tabiat boyliklarini targ‘ib qilish maqsadida chet el ijodiy guruhlariga O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqidagi foto va videomateriallarni tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlari, jumladan dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berildi. Yangi tartibda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishni xohlagan ijodiy guruhlar Davlat turizm qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkino» Milliy agentligiga ijodiy guruh va tasvirga olish joylari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda O‘zbekiston hududiga ularni vaqtincha olib kirish va foydalanishga ruxsat berishni so‘rab murojaat qilishlari lozimligi belgilangandi.

2019 yil may oyida qabul qilingan qonun bilan Jinoyat kodeksiga dronlarning noqonuniy olib kirilishi va ishlashi uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi o‘zgartishlar kiritildi.

Andijonda dron yordamida klip olmoqchi bo‘lgan videooperator bir yil sinov muddati bilan shartli ravishda uch yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Deputat Rasul Kusherbayev sudlanuvchining jinoyatini istehzo bilan «Yil jinoyati» deb ta’rifladi va bu kabi jazolarni jinoyat qonunchiligidan butunlay chiqarib tashlash kerakligini ta’kidladi.