Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi bosh direktori lavozimiga Sadiqov Abdushukur Abdujamilevich tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Agentlikning avvalgi direktori Nodirjon Tursunov ushbu lavozimdan ozod qilingan.

Abdushukur Sadikov bunga qadar 2018 yildan beri MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori lavozimida ishlagan.

O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi saytida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Abdushukur Sadiqov Toshkent tibbiyot akademiyasida assistent, dotsent, so‘ngra Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari va boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Keyinchalik, Andijon davlat tibbiyot instituti rektori va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.

U «Tibbiyot va sport» ilmiy jurnali bosh muharriri, 70 dan ortiq nashrlar, yo‘riqnomalar, patent va monografiyalar muallifi hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining 2021 yil 30 yanvardagi qarori bilan Abdushukur Sadiqovga professor ilmiy darajasi berilgan.