Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova Farg‘onaning 10-son tergov hibsxonasida o‘g‘lini kaltaklashgani haqida shikoyat bilan chiqqan onaning murojaatini o‘z nazoratiga oldi. Bu haqda Ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Hibsdagi fuqaro S.Q. JKning 166-moddasi 2-qismi «a,v» bandlarida nazarda tutilgan jinoyat sodir qilganlikda ayblanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining ajrimiga asosan saqlash uchun 10-son tergov hibsxonasiga olib kelingan.

29 may kuni e’lon qilingan videoda bloger Olimjon Xaydarov 2021 yilning 8 avgust kuni Sunatillo Qamchiyev JKning 166-moddasidagi jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib hibsga olingan va hozirda Farg‘onaning 10-sonli hibsxonasida saqlanmoqda. 25 may kuni Sunatilloning onasi o‘g‘li va yana 14 nafar mahbus nomidan arizasi qayd etilgan maktubni oldi.

Shikoyat surati video tasvirlarda yetarli darajada aniq ko‘ringan. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, 24 may kuni hibsxona xodimlari tomonidan kunlik tekshiruv vaqtida mahbuslarlardan biri qizil toshma toshganligidan shikoyat qilgan va tibbiy yordam ko‘rsatishlarini so‘ragan. Qamchiyevning qayd etishicha, Nizom ismli xodim uni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgan, dori berilmasligi va tibbiyot xodimlari yo‘qligini ta’kidlagan.

Qamchiyevning yozishicha, xodimdan Jinoyat protsessual kodeksining 17-moddasi (Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish) va Jinoyat kodeksining 4-moddasi (Qonuniylik prinsipi) doirasida kamsitmagan holda harakat qilishini so‘ragan va quyidagicha javob olgan: «Shu qonunlaringni men yozganman, bu yoqqa kel «terpila». Shundan so‘ng, uni yo‘lakka chiqarib, kaltaklashgan. Muallifning so‘ziga ko‘ra, Oybek ismli xodim unga qarata: «Sendaka «terpilalarni» ko‘pini ko‘rganman, xohlasam o‘ldirib yuboraman, bu yerdan sening o‘liging chiqadi», deya ta’kidlagan va bir necha marotaba Sunatilloning boshini devorga urgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, keyin Umid ismli xodim unga jarohat yetkazayotgan xodimning qo‘lidan ajratib olgan va kameraga qaytargan, unga yordam ko‘rsatish uchun tibbiyot xodimlarini ham chaqirib bergan.

Sunatillo Kamchiyev bo‘lgan voqealardan so‘ng u o‘z sog‘lig‘idan qattiq xavotir olayotganini yozgan va Farg‘ona viloyati ichki ishlar organlaridan uni o‘z himoyasiga olishlarini hamda hibsxona xodimlariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishlarini so‘ragan.

Videoda shuningdek, bir guruh mahbuslarning Farg‘ona viloyati prokuraturasiga 24 may kuni bo‘lgan voqea yuzasidan yozgan shikoyati ham keltirilgan. Arizada Sunatillo Qamchiyevning bosh, oyoq, yuz, quloq va qo‘l qismlariga jarohat yetkazilgani va qontalash bo‘lib qolgani qayd etilgan.

Video muallifi Olimjon Haydarov Sunatillo bilan shu kabi holat bir yil avval ham sodir bo‘lgani va u qo‘llarini kesib tashlash orqali o‘z joniga qasd qilishga uringanini ma’lum qildi. Uni hayotini saqlab qolishgan, biroq, hibsxona xodimlari bu haqda uning oila-a’zolariga xabar bermagan. Sunatillo qo‘lini kesganini sud jarayonida uning onasi ko‘rib qolgan. Uning onasiga hibsxona boshlig‘i bu gap-so‘zlar tashqariga chiqmasin, biror joyga arz qilib yozmang, o‘g‘lingizga boshqa tegishmaydi deb aytgan. Sunatilloning onasi yuz xotir qilib, o‘g‘lini urmasliklarini, qonun doirasida o‘z jazosini olishini so‘ragan. Biroq, mazkur holat yana takrorlangach mahbusning onasi blogerga murojaat qilib chiqqani ma’lum qilindi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z o‘g‘lidan haqorat qilishlariga javob bermaslikni va hibsxona xodimlari tomonidan kamsitish holatlariga ko‘z yumishni so‘ragan. «Birinchi marta shikoyat qilishga qo‘rqdim, chunki o‘g‘limni yana urishlari mumkin edi», — deya takrorladi mahbusning onasi.


Ombudsman ofisi xabar berishicha, 31 may kuni Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili Alisher Kamilov 10-son tergov hibsxonasiga borib, mahbus S.Q. bilan suhbatlashgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan bo‘lib, Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Mazkur holat bo‘yicha tergovga kadar tekshiruvi jarayonlari tugaganidan keyin Ombudsman rasmiy munosabat bildirishi ma’lum qilindi.