1 iyun kuni Hukumatning «Toshkent shahrida barpo etilayotgan yer usti metro liniyalari ostida joylashgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Hujjatga ko‘ra, yer usti metro yo‘nalishlari ostida joylashgan tegishli yer maydonlari xatlovdan o‘tkaziladi va ularning metro faoliyatiga ta’sir qilmaydigan qismi Toshkent shahar hokimligi zaxirasiga kiritiladi.

Ushbu yer maydonlari fudtrak hamda yengil turdagi qurilmalarni qurish va joylashtirish uchun «E-Auksion» elektron savdo platformasi orqali 5 yil muddatga ijara huquqi bilan, istisno tariqasida, 12 oyga teng ulushlarda bo‘lib to‘lash sharti bilan savdoga chiqariladi.

Auksion savdolari orqali olingan yer uchastkalarida savdo va xizmat ko‘rsatish, tayyor holdagi ovqatlanish mahsulotlari bilan savdo qilish shoxobchalari, kitob do‘konlari, avtoturargohlar hamda madaniy hordiq chiqarish va sport maskanlari barpo etiladi.

Shuningdek, Toshkent metropolitenining «Do‘stlik-Qo‘yliq» yer usti metro yo‘nalishi 1−5 bekatlari oralig‘idagi yer maydonlaridan samarali foydalanish maqsadida quyidagilar tashkil etiladi:

  • piyodalar va velosiped yo‘laklari;
  • avtoturargohlar;
  • aholi sayr qilishi uchun sayilgohlar;
  • bolalar va sport maydonchalari.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktabr oyida AOKAda o‘tkazilgan brifingda «Toshkent metropoliteni» DUK mutasaddilari yer osti va yer usti metro bekatlarida savdo va xizmat ko‘rsatish maydonchalari tashkil etilishi haqida ma’lum qilgandi.