O‘zbekiston prezidenti 31 maydagi qarori bilan Andijon davlat chet tillar institutini tashkil etishni tasdiqladi.

Institutda o‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalarga ikkita xorijiy til bo‘yicha kvalifikatsiya beriladi.

Andijon davlat universiteti va uning Pedagogika institutiga xorijiy tillar yo‘nalishlarida bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ajratiladigan davlat buyurtmasi kvotasi 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Institutga yo‘naltiriladi.

Institutning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab kirish imtihonlarida fanlar majmuasidagi chet tili fanidan 4 ta ko‘nikmani (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi. Bunda:

  • chet tilini bilish darajasi B2 va undan yuqori milliy sertifikatga yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu fandan o‘qishga kirish sinovlarida imtihonsiz maksimal ball beriladi;
  • chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Institutning magistratura mutaxassisliklariga kirishda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikat va bakalavriat diplom ballining o‘rtacha ko‘rsatkichi inobatga olinadi hamda qo‘shimcha imtihonlar o‘tkazilmaydi.

Institutning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan mutaxassislik fanlaridan xorijiy tilda dars beradigan S1 darajasidan kam bo‘lmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘qituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haqi to‘lab borilishi mumkin.