2022 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga qiymati 38,5 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan 124,8 ming tonna bug‘doy uni import qilingan. Bu Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida aks ettirilgan.

Bug‘doy uni importi hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 22 ming tonnaga oshgan.

2022 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston bug‘doy unini eng ko‘p import qilgan davlatlar:

  • Qozog‘iston — 122,8 ming tonna
  • Rossiya — 1,9 ming tonna
  • AQSh — 50 tonna
  • Italiya — 27 tonna
  • Hindiston — 2 tonna
  • Fransiya — 1,8 tonna

Eslatib o‘tamiz, Hukumatning 31 martdagi qarori bilan O‘zbekiston aprel-iyul oylarida Qozog‘istondan 100 ming tonna 3-sinf bug‘doyini (bir qismi un) maqbul narxlarda import qilishni rejalashtirgandi. Ichki va tashqi bozorlardagi vaziyatdan kelib chiqib, yana 500 ming tonna bug‘doy xarid qilish ham ko‘zda tutilgan.

15 apreldan boshlab esa Qozog‘iston bug‘doy va un eksportiga cheklovlar joriy etdi. «Mazkur chora ichki bozorda taqchillik yuzaga kelishi va un ishlab chiqarish korxonalari zo‘riqishining oldini olish uchun kerak», — degandi mamlakat qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Aydarbek Saparov.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda g‘alla yetishtirish, jumladan, bug‘doy narxini liberallashtirish borasidagi islohotlar haqida e’lon qildi. Unga ko‘ra, 1 iyundan g‘allani sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tiladi.

Yig‘ilishdan so‘ng, Moliya vazirligi bug‘doy ishlab chiqarishdagi islohotlar, ya’ni bug‘doy narxini erkinlashtirish ortidan un va non narxlarining sezilarli o‘zgarishini kutmayotganini ma’lum qildi. Moliya vazirligi departament direktori To‘lqin Mirzayevning ta’kidlashicha, bugungi kunda bug‘doy va un bozorining 70−80 foizi bozor narxlarida shakllanmoqda. Qolaversa, davlat ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ishlab chiqmoqda.