Huquq-tartibot idoralari xodimlari 17 may kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi uyi oldida qizga hujum qilgan erkakni qo‘lga oldi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotda aytilishicha, Yunusobod tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan nomunosib xatti-harakatlar sodir etgan shaxs — 1974 yilda tug‘ilgan Yu.B. ekani ma’lum bo‘lgan va u ushlangan.

Yu.B.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ayblov qo‘yilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining qaroriga asosan ushbu shaxsga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq hamda jarima jazosi tayinlangan.

17 may kuni Nemolchi.uz loyihasi jabrlangan qizning hikoyasini e’lon qildi. U hujumning vaqti, joyi, gumonlanuvchining kiygan kiyimlari va hatto uning taxminan yoshini batafsil bayon qildi.

Qiz do‘kondan uyiga qaytayotganida erkak uning ortidan kelayotganini payqagan. Uy hovlisiga kirganida, erkak uning ortidan ergashgan.

«Men uni ko‘rganimni bildirish uchun, orqaga o‘girildim. U qo‘shnilarning tanishlari bo‘lsa kerak deb o‘ylayotgandim, lekin keyingi harakatlaridan bunday emasligini angladim. Men tezda zinadan ko‘tarila boshladim, to‘satdan bu odam orqamdan menga hujum qildi va mening chanog‘imga teginishni boshladi», — deydi jabrlanuvchi.

Qiz baqirib, erkakni urishni boshlaydi, shu bilan uni qo‘rqitib yuboradi. Erkak qochib ketadi, qo‘shnilar buni ko‘rishadi va holat kameralar tasviriga tushadi.

O‘sha kuni qiz profilaktika inspektori oldiga boradi, u esa o‘z joyida bo‘lmaydi. «19-sanada u paydo bo‘ldi. Men unga nima bo‘lganini aytib berdim, lekin u [inspektor] erkak qo‘lga tushgandan keyin ariza yozishim kerakligini aytdi, bu meni hayratga soldi», — deydi qiz.

21 may kuni qiz Yunusobod tumani IIBga ariza yozgan, biroq u yerda ham ariza qabul qilinmay, profilaktika inspektorining oldiga qaytarib yuborilgan.

«Oyim bilan uning (profilaktika inspektori — tahr.) oldiga borganimizda, nihoyat, besh kundan keyin ariza yozdik. Biz kamerani tekshirib ko‘rdingizmi deb so‘raganimizda, u „yo‘q“ deb javob berdi, men organlarimiz qanchalik „g‘ayrat bilan“ ishlashidan hayratga tushdim», — deya qo‘shimcha qildi u.