Time jurnali turli yo‘nalishlar bo‘yicha yilning eng nufuzli insonlar 100 taligini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatga kirganlar bir necha kategoriyalarga bo‘lingan — «Titanlar», «Yetakchilar», «San’atkorlar», «Pionerlar», «Kumirlar», «Innovatorlar».

«Titanlar»

Foto: Times

«Titanlar» nominatsiyasida Apple bosh direktori Tim Kuk dunyoning eng yirik kompaniyalaridan birini muvaffaqiyatli tarzda boshqarayotgani, kompaniya mahsulotlarining zamonaviy dunyoda katta ta’sirga ekanligi sababli eng nufuzli insonlardan biri sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, ushbu nominatsiya bo‘yicha eng nufuzli insonlar safidan amerikalik teleboshlovchi, aktrisa Opra Uinfri, Amazon bosh direktori Endi Jessi, FTX kriptobirjasi asoschisi Sem Benkman-Frid, irlandiyalik yozuvchi Salli Runi, kinorejissyor Xvan Dong Xyok («Kalmar o‘yini» serialini sur’atga olgan), Kris Jenner (Kim Kardashyan, Kayli Jenner kabi modellarning onasi), Warner Bros bosh direktori Devid Zaslav, Yevropa Markaziy banki prezidenti Kristin Lagard, malayziyalik aktrisa Mishel Yeo, Adani Group konglomerati asoschisi Gautam Adani kabi insonlar joy olishdi.

«Yetakchilar»

Foto: Time

«Yetakchilar» nominatsiyasida Barbados bosh vaziri Mia Mottli e’tirof etildi. Bundan tashqari ushbu kategoriyadan Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Xitoy prezidenti Si Szinpin, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen, AQSh prezidenti Jo Bayden, komik va podkastlar muallifi Jo Rogan, Germaniya federal kansleri Olaf Shols, Tanzaniya prezidenti Samiya Suluxu, Chili prezidenti Gabriel Chorich va boshqalar joy olishgan.

Ro‘yxatga kirgan har bir shaxs haqida qisqacha maqola ham berilgan. Vladimir Putin haqidagi matnni Aleksey Navalniy, Vladimir Zelenskiy haqida esa Jo Bayden yozgan. Jo Bayden haqidagi matnni esa AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton yozgan.

«San’atkorlar»

Foto: Times

Ushbu nominatsiyada kanadalik aktyor Simu Lyu («Shan-chi va o‘nta halqa afsonasi» filmida rol ijro etgan) e’tirof etildi. Shu bilan bir qatorda «san’atkorlar» kategoriyasida aktyorlar Endryu Garfild, Chenning Tattum, Jeremi Strong, aktrisalar Sara Djessika Parker, Amanda Seyfrid, Mila Kunis, komik aktyor Pit Devidson aktrisa va xonanda Zoi Kravits kabilar eng nufuzli deb topildi.

«Pionerlar»

«Pionerlar» nominatsiyasida basketbolchi Kendis Parker yetakchi sifatida e’tirof qilindi. Shuningdek, ushbu kategoriya bo‘yicha Facebook (Meta) ning ichki hujjatlarini Wall Street Journal`ga ochiqlagan kompaniyaning sobiq xodimi Frensis Xaugen, musiqachi Questlove, Moderna bosh ijrochi direktori Stefan Bansel, iqtisodchi Emili Oster va boshqalar yilning eng nufuzli insonlar ro‘yxatiga kiritilgan.

«Kumirlar»

Ushbu nominatsiya bo‘yicha yetakchi sifatida amerikalik xonanda Meri Jey Blayj ro‘yxatga kiritilgan. «Kumirlar» kategoriyasida, shuningdek, «Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov, xonanda Adel, aktyor Kianu Rivz, tennischi Rafael Nadal kabi insonlar e’tirof etilgan.

«Innovatorlar»

«Innovatorlar» nominanatsiyasida aktrisa Zendaya yetakchi sifatida ro‘yxatning yuqori qismidan joy egallagan. Shu bilan birga, ushbu nominatsiyada yangi zelandiyalik aktyor, kinorejissyor Tayka Vaytiti, Wordle o‘yinini yaratgan dasturchi-muhandis Josh Uordl, Atlassian (Jira, Trello kabi loyihalarni yaratgan kompaniya) bosh direktori Mayk Kennon-Bruks, Nubank onlayn-banki asoschisi Devid Veles kabi insonlar yilning eng nufuzli 100 ta insonlari ro‘yxatiga kiritilgan.