AQSh prezidenti Jo Bayden AQShning O‘zbekistondagi elchisi lavozimiga Jonatan Henik nomzodini ilgari surdi. Nomzod AQSh Senati tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Jonatan Henik — AQSh diplomatik xizmatining maslahatchi-elchi maqomiga ega yuqori lavozimli amaldor hisoblanadi. O‘tgan yildan beri u Milliy mudofaa universiteti qoshidagi Axborot va kibermakon kollejida AQSh Davlat departamenti kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.

Ilgari u Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari byurosida Davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. U Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Janubiy va Markaziy Osiyoda jamoatchilik diplomatiyasi va OAV bilan aloqalar bo‘yicha mas’ul bo‘lgan.

Bunga qadar u AQSh Davlat departamentining Global hamkorlik markazida koordinator o‘rinbosari bo‘lib ishlagan va Rossiya, Xitoy va Erondan kelayotgan dezinformatsiyaga qarshi AQShning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish sohasida ishlagan.

Shuningdek, u AQSh Davlat departamenti Xalqaro axborot dasturlari byurosi koordinatorining birinchi o‘rinbosari va koordinator vazifasini bajaruvchi sifatida ishlagan.

U Turkiyada jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchi-elchi, Timor-Leshtida missiya boshlig‘ining o‘rinbosari, shuningdek, Ozarbayjon, Turkiya, Portugaliya va O‘zbekistonda boshqa lavozimlarda ham faoliyat yuritgan.

Jonatan Henik Jorj Vashington universitetida ilmiy xodim va taklif etilgan professor, Gavayi orollaridagi Gonolulu shahridagi Sharq-G‘arb markazida (East-West Center) rezident diplomat bo‘lib ishlagan.

Nyu-Yorkda tug‘ilgan Jonatan Henik rus, portugal, turk va ozarbayjon tillarini biladi. U Gavayi universitetida siyosat fanlari nomzodi (PhD), Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha magistr va shu universitetning Kolumbiya kolleji bakalavri darajasiga ega.

AQShning O‘zbekistondagi amaldagi elchisi Deniyel Rozenblyum bo‘lib, u 2019 yilning may oyida ushbu lavozimda qasamyod qilgandi. U 2014 yil iyulidan 2018 yil iyuligacha AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha byurosidagi yordamchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.