O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Shaxrux Sharaxmetov 16 may kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida radarlarning auksionda sotilishi, UzIMEI tizimi hamda haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihondan o‘tkazuvchi Toshkent imtihon markazi yuzasidan o‘zining fikrlarini bildirib o‘tdi.

Jamoatchilik ilgari ushbu uchta sohadagi kompaniyalar faoliyati raqobat to‘g‘risidagi qonunga qanchalik mos kelishi to‘g‘risidagi masalalarni ko‘targandi. 2021 yilda Spot.uz 64-BIT va Tech Age kompaniyalari auksionda Toshkentda qariyb barcha radar o‘rnatish mumkin bo‘lgan joylarni sotib olayotgani haqida yozgandi.

Deputat Rasul Kusherbayev Toshkentdagi haydovchilik guvohnomasini beruvchi Yagona imtihon markazi ochilishida prezident qarori talablari buzilganini ma’lum qilgandi. Mart oyida markaz narxlarni ko‘tarib, buni valyuta kursi va boshqa mamlakatlardagi vaziyat bilan izohlagandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, markaz muqobili yo‘qligiga qaramasdan ustun mavqega ega kompaniyalar reyestriga kiritilmagan.

UzIMEI tizimi bo‘yicha esa AQShda Delta Telecom International nomi ostidagi ro‘yxatdan o‘tkazilgan kompaniya ishtirokida tashkil etilgan Information Technology Center SIM-kartalarning har biri uchun IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish evaziga 54 ming so‘mdan to‘lovni undirmoqda. Shunga qaramasdan, hukumat vakillari hanuz mazkur narxlar qanday shakllangani borasida biror ma’lumotni taqdim etishmadi.

Antimonopoliya qo‘mitasi raisining so‘zlariga ko‘ra, UzIMEI tizimi va boshqa shunga o‘xshash (aynan — Yagona imtihon markazi va radarlar) masalalari kun tartibida turgan «eng dolzarb va murakkab» masalalar hisoblanadi.

«Bu umumiy gaplar deb o‘ylamang. Hozir muammoni tushuntirishga harakat qilaman. UzIMEI va shunga o‘xshash boshqa davlat funksiyalarini bajarish davlat korxonalari yoki xususiy kompaniyalarga berilganda raqobat qonuniga mosmi, mos emasmi, degan masala chiqib kelayapti. Ya’ni, bu holatni biz raqobat qonuni ostida nazorat qila olamizmi, bizning vakolatga kiradimi yoki yo‘qmi degan masala», — dedi u.

Shaxrux Sharaxmetov UzAuto Motors va avtomobil bozorini misol qilib keltirdi va bu holatda «raqobat to‘g‘risida» gapirish mumkinligini aytdi.

«Radar masalasi, UzIMEI yoki [haydovchilik guvohnomalari uchun] imtihonlarni qabul qilish — bu tadbirkorlik faoliyati emas, davlat funksiyasini boshqa davlat korxonasiga yoki xususiy kompaniyaga berish hisoblanadi. Davlat funksiyasi tadbirkorlik subyektlari yoki boshqa davlat korxonasiga berilganida bu bizning vakolatga kiradimi yoki yo‘qmi, degan masala turibdi», — dedi u.

Qo‘mita rahbari metodik kengash tuzilgani va xizmatga olinayotgan mablag‘lar to‘g‘rimi yo‘qmi o‘rganilishi, umuman shu kabi 3−4 ta holatga birdaniga yechim berilishini ma’lum qildi.

U yana bir bor, raqarlar maydonini auksionda sotish, UzIMEI tizimi va imtihon markazi masalalarida «gap tadbirkorlik faoliyati haqida emas, balki davlatdan ruxsatnoma olish jarayoni haqida ketayotganini» ta’kidladi.

Shaxrux Sharaxmetov mazkur masalalar yuzasidan Antimonopoliya qo‘mitasining munosabatini bildirish uchun 20 kun vaqt so‘radi.